Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktoriga 3 nafar yangi o`rinbosar tayinlangan Bu haqda AOKA matbuot xizmati xabar berdi.
Xodjimetov Avazbek Jabbarkulovich — Agentlik direktorining birinchi o`rinbosari lavozimiga tayinlandi.

A. Xodjimetov mehnat faoliyatini O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi “Jahon” axborot agentligida boshlagan. 2004-2007 yillarda O`zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasida press-attashe, 2007-2009 yillarda Tashqi ishlar vazirligi BMT va xalqaro tashkilotlar boshqarmasida davom ettirgan. 2009-2015 yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas`ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2015-2016 yillarda Xalqaro hamkorlik va xavfsizlik ishlari bo`yicha muvofiqlashtiruvchi-tahliliy markaz direktori vazifasida ishlagan. 2016 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan. 2017 yildan shu kunga qadar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati Axborot-tahlil ishlari bo`yicha sektori mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
A. Xodjimetov Agentlik direktorining birinchi o`rinbosari sifatida davlat axborot siyosatini amalga oshirish, sohaga oid qonunchilikni takomillashlashtirish, axborot xavfsizligini ta`minlash, axborot tahlili hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun mas`ul bo`ladi.
Rahimova Nargizaxon Asrorovna — Agentlik direktori o`rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Mehnat faoliyatini 1999 yili O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudida maslahatchi lavozimida boshlagan. 2000-2006 yillar mobaynida O`zbekiston Tashqi Iqtisodiy faoliyat Milliy bankida faoliyatini davom ettirgan.
2006 yildan buyon axborot, jurnalistika sohasi bo`yicha qator lavozimlarda faoliyat ko`rsatgan. “Delovoy partner”, “Birja” kabi gazetalarda, qator elektron ommaviy axborot vositalarida mas`ul lavozimlarda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Media markazida Bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritgan.
Nargizaxon Rahimova Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida O`zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imidjini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas`ul bo`ladi.
Bozorov G`ayrat Nazarovich — Agentlik direktorining o`rinbosari lavozimiga tayinlandi.

G`. Bozorov mehnat faoliyatini O`zbekiston matbuot va axborot agentligida boshlagan. 2007 yildan 2016 yilga qadar agentlikda mutaxassis, bo`lim boshlig`i, boshqarma boshlig`i kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.
2016 yilda O`zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davlat korxonasi Marketing bo`limi boshlig`i lavozimiga tayinlangan. 2018 yildan buyon shu kunga qadar nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktorining nashriyot va markateng masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
G`. Bozorov Agentlik direktorining o`rinbosari sifatida lisenziyalash va nazoratni tashkil etish, nashriyot-matbaa sohasi, kitob savdosi va axborot kutubxona resurslari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun mas`ul bo`ladi.
Qayd etish lozimki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan, Agentlik direktori o`rinbosarlarining maqomi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o`rinbosariga tenglashtirilgan.






