Joriy yilning 23-26 mart kunlari Samarqand shahrida umumta`lim maktablari o`quvchilari o`rtasida “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostida “Qizlarjon” o`quvchi-qizlar sammiti bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi, Yoshlar ittifoqi hamda Samarqand viloyati hokimligining hamkorlikdagi loyihasi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokidagi muhokamalar, turli vazirlik, idora va tashkilot rahbarlari bilan ochiq muloqotlar, rahbar ayollarning faoliyati bo`yicha amaliyot dasturi va qizlarning o`z ilm-fan rivoji yo`lidagi takliflari bo`yicha bahs o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
Sammitda mamlakatimiz bo`ylab 14-18 yoshdagi 8-11-sinf o`quvchi-qizlari, har bir hududdan 10 nafardan ishtirokchi qatnashishi ko`zda tutilgan. Mazkur tadbirda ishtirok etuvchi qizlarni saralashda ularning ijtimoiy jarayonlardagi faolligi, Vatanimiz tarixi va buguni haqida xabardorligi, xorijiy tillarni bilishi, liderlik ko`nikmalari shakllanganligi, tanqidiy-tahliliy tafakkurining rivojlanganligi kabi jihatlarga asosiy e`tibor qaratiladi.
O`quvchi-qizlar bilim-ko`nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan turli mahorat darslari, tadbirlar va o`quv-ma`rifiy klublarini tashkil etish, zamonaviy AKT imkoniyatlari va ularni hayotga tatbiq etish usullari, innovasion menejment, marketing orqali investisiyalarni jalb etish kabi mavzulardagi treninglarda ishtirok etadi.






