Toshkentdagi "O`zekspomarkaz" milliy ko`rgazmalar zalida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbirga Qoraqalpog`iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan Vatanimiz ravnaqi yo`lida samarali mehnat qilayotgan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida fidokorona faoliyat olib borayotgan ayollar, iqtidorli qizlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari safidagi xotin-qizlar taklif etilgan.
Tadbir doirasida tadbirkorlik, ilm-fan, ta`lim-tarbiya, sog`liqni saqlash, madaniyat, san`at va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlanadi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan bir guruh qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.
O`zA xabariga ko`ra, tantanali tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etishi va mamlakatimiz xotin-qizlarini tabriklashi kutilmoqda.






