Xabaringiz bor, professional boksda faoliyat olib borayotgan yurtdoshimiz Isroil Madrimov 9 mart kuni AQShning Nyu-York shahrida o`zining ikkinchi jangini venesuelalik Frenk Roxasga qarshi o`tkazadi.
MOQ matbuot va media departamenti jang arafasida Isroil bilan bog`landi. O`z navbatida, bokschimiz bo`lajak bahs haqida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
“Maqsadim jiddiy. Buni birinchi jangning o`zidayoq kamar uchun ringga chiqib ko`rsatgan edim. Endi uni himoya qilib, o`z yo`nalishimning asosiy kamariga ega chiqmoqchiman. Buning uchun yanada jiddiy raqiblar tanlash kerak. Bu, avvalo, katta tajriba orttirishga yordam beradi. Shu bois ham mana shu venesuelalik raqibni tanladik. Uning statistikalariga e`tibor qaratgan bo`lsangiz, 24 g`alabadan 23 tasini nokaut evaziga qo`lga kiritgan va 2 bor mag`lub bo`lgan. Shuning uchun mazkur raqibda to`xtaldik. Bo`lajak bahsda g`alaba qozonib, uni barcha ayollarimizga, avvalo, onamga bag`ishlamoqchiman”, – deydi Isroil Madrimov.
Shu o`rinda biz ham bokschimizga bo`lajak bahsda omad tilaymiz. Ta`kidlash joiz, bahs mahalliy vaqt bilan 9 mart sanasiga belgilangan bo`lsa-da, Toshkent vaqti bilan 10 mart kuni ertalabga to`g`ri keladi.






