Bugun Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi K.Mikuriya Prezidentimiz tashabbusi bilan Zangiota tumanida 14 gektar hududda barpo etilgan “High Way Logistics Centre” zamonaviy transport logistika markaziga tashrif buyurdi.
Bu erda bir vaqtning o`zida 300 ta yuk avtomashinasini qabul qilish imkoniyati va bojxona nazorati ostida tovarlarni saqlash uchun bojxona ombori faoliyati yo`lga qo`yilgan. “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining ham bevosita mazkur logistika markazida ish boshlagani tadbirkorlar uchun ayni muddao bo`ldi.
Postda ruxsatnoma hujjatlarini beruvchi turli idoralar, bank, logistika va brokerlik tashkilotlari vakillarining bir darcha tamoyili asosida ish yuritayotgani, “front-ofis”lar xizmatining yo`lga qo`yilganligi, yuklarni skaner qiluvchi zamonaviy va jahon talablariga to`liq javob beruvchi rentgen qurilmalari bilan jihozlanganligi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining qisqa muddatlarda amalga oshishiga xizmat qilmoqda.
Ta`kidlash joizki, eksport shartnomalarini bojxona organlarida hisobga qo`yish, tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) tovarlar nomenklaturasi kodlarini aniqlash uchun ekspert xulosasini taqdim etish kabi tartiblar bekor qilindi, sodda qilib aytganda bojxona sohasidagi ruxsat berishga doir 10 turdagi ruxsatnoma va tartibotlardan voz kechildi.
Endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan turib. to`g`ridan-to`g`ri internet orqali real vaqt rejimida bojxona organlariga bojxona yuk deklarasiyasini taqdim etish imkoniyatiga ega bo`lishdi.
Bu jarayonda ularni qo`llab-quvvatlash, amaliy ko`mak berish maqsadida 2019 yil 1 fevraldan boshlab Toshkent mintaqasidagi bojxona postlarida tadbirkorlarga bojxona yuk deklarasiyalarini to`ldirish bo`yicha tajriba tariqasida beg`araz xizmat ko`rsatuvchi maxsus “front-ofis” guruhlari ish boshladi.
Shuningdek, tadbirkorlarimiz shartnoma tuzmasdan, to`lovni internet tarmog`i orqali xalqaro to`lov tizimlari yordamida amalga oshirgan holda, bitta invoys asosida 5000 AQSh dollarigacha bo`lgan miqdordagi tovar va xizmatlarni eksport qilish imkoniga ega bo`lishdi.
2018 yilda sohaga 17 turdagi axborot tizimlari hamda 4 ta interaktiv xizmatlar, shu jumladan “Integrasiyalashgan tarif” xizmati joriy qilindi. Shu zaylda ayni paytda bojxona organlari faoliyatida qo`llanilayotgan axborot tizimlari soni 40 dan oshdi.
Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarning avtomatlashtirilganligi tufayli 99.9% bojxona yuk deklarasiyalari elektron shaklda rasmiylatirilmoqda. Tadbirkorlarning masofadan turib, elektron shaklda bojxona organlariga taqdim qilayotgan bojxona yuk deklarasiyalarini qabul qilish, taqsimlash va ro`yxatga olish ishlariga atigi 5 daqiqa sarflanmoqda, xolos. Vaxolanki, ilgari buning uchun 2 soat vaqt sarflanardi.
Xalqaro savdoda tovarlar etkazib berish zanjirining xavfsizligini ta`minlash maqsadida, hozirgi kunda respublikaning yuk o`tish xajmi katta bo`lgan 16 ta avtomobil va temir yo`l chegara bojxona postlariga o`rnatilgan 18 ta inspeksion-ko`rik komplekslari bojxona nazorati jarayonida qo`llanilmoqda. 2018 yil va 2019 yil boshida 4 ta temir yo`l chegara bojxona postlariga qiymati 16 million AQSh dollari bo`lgan 4 ta ispeksion-ko`rik komlekslari o`rnatildi.
Zamonaviy transport logistika markazidagi mavjud shart-sharoitlar Bosh kotibda chuqur taassurot qoldirdi.
Davlat bojxona qo`mitasi
Axborot xizmati






