O`zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov va “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti ijrochi direktori Zuhra Azimova o`zaro anglashuv to`g`risidagi memorandumni imzoladi.
Unga ko`ra, tomonlar O`zbekiston Respublikasi energetika sektorini rivojlantirish borasida hamkorlik qilishni yo`lga qo`yar ekan, bunda ilg`or xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etishga ham e`tibor qaratadi. O`zaro hamkorlik mamlakat yoqilg`i-energetika kompleksini rivojlantirish bo`yicha ustuvor yo`nalishlarni amalga oshirish, elektr energiya va neft-gaz sohalarini isloh qilish kabi vazifalarni o`zida mujassam etgan.
Hamkorlik doirasida energetika sohasini jadal rivojlantirishga ta`sir ko`rsatadigan loyihalarni muhokama qilish va takliflar ishlab chiqish maqsadida qo`shma ekspert guruhini tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Kelgusida tomonlar ta`lim yo`nalishida seminarlar tashkil qilish, muzokaralar o`tkazish uchun etakchi mutaxassislarni jalb qilish, qarorlar qabul qilish va boshqa masalalar bo`yicha ham hamkorlik qilishi mumkin.






