5.03.2019 yildagi «Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas`uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi O`RQ–527-son Qonun e`lon qilindi.
Eslatib o`tamiz, 2019 yil 1 apreldan boshlab Hukumat faoliyatining yangi tartibi joriy etiladi (28.01.2019 yildagi PF–5644-son Farmon):
- Bosh vazirning o`rinbosarlari, vazirlar va davlat qo`mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma`qullanadi;
- ushbu lavozimlarga nomzodlarni Qonunchilik palatasida ko`rib chiqish va ma`qullash jarayonida ular Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o`zaro bog`liq bo`lgan istiqbolga mo`ljallangan maqsadli ko`rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejalarini taqdim etadilar;
- Bosh vazir Hukumat a`zolari bilan birgalikda har chorakda Oliy Majlisning palatalariga Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo`ljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi to`g`risida hisobot taqdim etadi.
Norma’ning yozishicha, Konstitusiya bilan bir qatorda «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risida»gi, «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to`g`risida» Konstitusiyaviy Qonunlariga, «O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to`g`risida»gi, «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida»gi, «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida»gi, «Parlament nazorati to`g`risida»gi qonunlarga tegishli tuzatishlar kiritildi.






