AsosiyJamiyat

Farg`onada 2 kishi konserva mahsulotidan zaharlandi

'Farg`onada 2 kishi konserva mahsulotidan zaharlandi'ning rasmi

Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanida ikki kishi ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga tushdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Joriy yilning 3-4 mart kunlari O`zbekiston tumani Yaypan shaharchasida yashovchi A.Dehqonov tuman markaziy shifoxonasi jonlantirish bo`limiga, S.Dehqonova Qo`qon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ovqatdan zaharlanish – «Botulizm» tashxisi bilan yotqizilgan.

Bemorlarning 3 kunlik taomnomasi olib borilgan dastlabki epidemiologik surishtiruv natijalariga ko`ra, 2019 yil 28 fevral kuni A.Dehqonov xonadonida tushlik bilan birga uy sharoitida tayyorlangan 2 litrli pomidor-bodring konserva mahsulotini 5 nafar oila a`zolari va 4 nafar qarindoshlari iste`mol qilishgan.

2019 yil 3 mart kuni A.Dehqonovda bosh aylanish, ko`ngli aynish, qayd qilish kabi kasallik belgilari kuzatilgani sababli shu kuni O`zbekiston tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar shifokori tomonidan «Botulizm bulbar paralich formasi» tashxisi qo`yilib, reanimasiya bo`limiga yotqizilgan.

S.Dehqonova bosh aylanishi, ko`ziga buyumlarning juft ko`rinishi, holsizlanish kasallik belgilari bilan 5 mart kuni o`rta og`ir holatida Qo`qon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Shifoxonada S.Dehqonovaga ham «Botulizm bulbar paralich formasi» tashxisi qo`yilib, reanimasiya bo`limiga yotqizilgan.

Bemorlardan me`da yuvindisi, axlat, siydik va qon namunalari olinib laboratoriya tahlillari uchun Farg`ona viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bakteriologiya laboratoriyasiga topshirilgan. Shifoxonada bemorlarga «Botulizm»ga qarshi zardoblarining A,V va E turlari yuborilgan, hozirgi kunda tegishli davolash muolajalari olib borilmoqda.

O`zbekiston tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari tomonidan ovqatdan zaharlanish qayd etilgan xonadonda o`tkazilgan epidemiologik surishtiruv jarayonida iste`mol qilingan konserva mahsuloti qoldig`i va ochilmagan 2 dona 2 litrli shisha idishdagi pomidor-bodring konservasi aniqlangan, laboratoriya tahlillari uchun namunalar olingan. Qolgan 1 dona ochilmagan pomidor-bodring konservasi to`kib tashlash yo`li bilan yo`q qilingan.

Oila a`zolari ko`rikdan o`tkazilganda ularda zaharlanish xos kasallik belgilari kuzatilmagan.

O`zbekiston tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari tomonidan Yaypan shaharchasida tegishli profilaktik tadbirlar o`tkazilmoqda. Xonadonlarda aniqlangan 187 dona jami 374 litr uy sharoitda tayyorlangan turli konserva mahsulotlari iste`mol ta`qiqlanib, to`kib tashlash yo`li bilan yo`q qilingan.

Sodir bo`lgan holat Farg`ona viloyat DSENM tomonidan nazoratga olingan bo`lib, laboratoriya tekshiruv natijalari va bemorlarga qo`yilgan yakuniy tashxis asosida yakuniy ma`lumot taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar