Samarqand viloyatining Pastdarg`om tumanida yashovchi fuqaro Z. Botirova O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan. Murojaat Pastdarg`om tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o`rganildi. Bu haqda Xalq so`zi xabar berdi.
Tuman gaz idorasi tomonidan Z. Botirova yashovchi xonadonga 3 900 000 (uch million to`qqiz yuz ming) so`m qarzdorlik hisoblangan. Bu qarzdorlik asossiz ekanligi aniqlanib, dalolatnoma tuzilganligiga qaramasdan, tuman MIB xodimlari tomonidan bu hujjat e`tiborga olinmagan va qarzni to`lash talab etilgan.
Vaziyat uch tomon ishtirokida o`rganildi. Gaz hisoblagich ko`rsatkichi asosida hamda to`lov pattalari qayta hisob-kitob qilinganda, fuqaroning tabiiy gaz iste`molidan 65 600 (oltmish besh ming olti yuz) so`m qarzi borligi aniqlandi. Iste`molchi hisobiga yozilgan 3 834 400 (uch million sakkiz yuz o`ttiz to`rt ming to`rt yuz) so`m asossiz qarzdorlik bartaraf etildi.






