O`zbekistonda voyaga etmagan farzandi bor ayollarning xorijga chiqishini cheklash taklifi bildirildi.
O`zAning xabar qilishicha, O`zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, tuman sektor rahbarlari, faollar ishtirok etgan sessiyada Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, aholini qiynab kelayotgan muammolar bo`yicha olib borilgan o`rganish natijalari ham muhokama qilindi.
Ta`kidlanishicha, sessiyada deputat Marhabo Qurbonova O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolariga voyaga etmagan farzandlari bo`lgan onalarning xorijga chiqishini cheklash taklifini bildirgan.
Deputat Marhabo Qurbonovaning so`zlariga ko`ra, kommunal to`lovlardan qarzi bo`lgan fuqaro xorijga chiqa olmaydi, chunki bunga qonunchilik yo`l qo`ymaydi. Ammo 3-4 nafar voyaga etmagan farzandi bor ayollar chet elga bemalol chiqib ketmoqda.
“Buni tartibga solish kerak. Axir, xorijga ketgan onalarning farzandlari tarbiyasidagi muammolar, bu orqali oiladagi ma`naviy muhit va jamiyatga etkazilayotgan zarar xorijda topilgan boylikdan bir necha barobar ko`p ekanini hayotning o`zi ko`rsatib turibdi”, - dedi deputat.






