Andijon viloyati xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash, bartaraf etish, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasida keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta`minlash, hunarmandchilik va tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
– Viloyatimizda 6 mingga yaqin tadbirkor, hunarmand xotin-qiz faoliyat ko`rsatmoqda, – deydi Andijon viloyati hokimining o`rinbosari, xotin-qizlar qo`mitasi raisi Manzura Yunusova. – Ular, qolaversa, tadbirkorlikni yo`lga qo`yish istagini bildirgan xotin-qizlar doimiy qo`llab-quvvatlanmoqda. Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo`mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Hunarmand” uyushmasi, soliq idorasi, banklar tomonidan ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratib berilmoqda.
Tadbirkor, hunarmand xotin-qizlarning samarali ishlashiga ko`maklashish, ularning huquqiy, tadbirkorlikka oid bilimini boyitish maqsadida davra suhbatlari, o`quv seminarlari o`tkazilmoqda. Biznesni tashkil etish, hujjat yuritish, soliq imtiyozlari, kredit olish, umuman, tadbirkorlik borasidagi bilim va malakasini oshirish bo`yicha zarur tavsiya va maslahatlar berilmoqda.
Birgina 2018 yilda turli moliyaviy manbalar hisobidan 2 ming 860 nafar tadbirkor ayolga 199 milliard 613 million so`m kredit ajratildi. Xotin-qizlar uchun yaratilgan 36 ming 670 ta ish o`rnining salmoqli qismi aynan ana shu kreditlar hisobidan ish boshlagan tadbirkorlik sub`ektlari hissasiga to`g`ri keladi.
Mahallalarda foydalanilmay bo`sh turgan bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish, jihozlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobiga 74 ta kichik sexlar tashkil etildi. Shuningdek, ustoz-shogird an`analari asosida 2 ming 743 nafar xotin-qiz turli yo`nalishlarda hunar o`rganishga jalb qilindi. Ko`plab uy bekalari, hunar o`rganish istagida bo`lgan qizlar shu asosda hunar egallab, oilalariga qo`shimcha daromad keltirmoqda.
Tahlillarga ko`ra, turli huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishiga sababchi bo`lgan xotin-qizlarning aksariyati ish bilan band bo`lmagan, oilasi, yaqinlari, keng jamoatchilik e`tiboridan chetda qolgan, og`ir turmush sharoitida yashayotgan opa-singillarimiz ekani ma`lum bo`ldi. Qo`mita tomonidan aynan shu toifadagi ayollar bilan ishlash, ularning bandligini ta`minlash, turmush sharoitini yaxshilash bo`yicha alohida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, o`tgan yili Andijon shahrining jinoyatlar nisbatan ko`p qayd etilgan “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig`ini hududida 300 ish o`rniga ega “Mustaqillik” tikuvchilik majmuasi tashkil etildi.
Ayni paytda mazkur sexda og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, turli huquqbuzarliklar sodir etishga moyilligi bor hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan 100 dan ortiq ayol mehnat qilmoqda.
Korxonaning sof foydasi hisobidan uy-joyga muhtoj, og`ir vaziyatda yashayotgan ishchi ayollarning 48 nafariga “Obod mahalla” dasturi doirasida Xo`jaobod tumani Xidirsha qishlog`ida namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan 2 sotixli va ko`p qavatli uylardan olishlari uchun dastlabki badallar to`lab berildi. Shuningdek, korxonada o`qitilib, malakali tikuvchiga aylangan, yangi uyli bo`lgan ayollar hududda ish boshlagan “Feruzbek-teks” korxonasiga ishga joylashtirildi. Korxona tomonidan 2020 yilda yana 100 nafar uy-joyga muhtoj ayolni uy bilan ta`minlash, 8 ta tumanda tikuvchilik majmuasi filiallari ochish, filiallarga yaqin hududlarda oilaviy bog`chalar tashkil etish hisobiga 1 mingga yaqin ish o`rni yaratish ko`zda tutilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o`laroq, viloyatda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar avvalgi yilga nisbatan 34 foiz, turli jinoyatlarda ishtirok etgan ayollar soni esa 38 foiz kamaydi.
Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo`mitasi hamda shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlangan “Yo`l xaritalari”da xotin-qizlar bandligini ta`minlash bo`yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.






