AsosiyJamiyat

Janubiy Koreya Savdo-sanoat va energetika vaziri boshchiligidagi delegasiya “O`zagrotexsanoatxolding” AJ ga tashrif buyurdi

'Janubiy Koreya Savdo-sanoat va energetika vaziri boshchiligidagi delegasiya “O`zagrotexsanoatxolding” AJ ga tashrif buyurdi'ning rasmi

Bugun Janubiy Koreya Savdo-sanoat va energetika vaziri Sung Yun Mo boshchiligidagi ushbu mamlakat vakillari “O`zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatida bo`lishdi.

Jamiyat tizimidagi “Qishloq xo`jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi” mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O`zbekiston – Janubiy Koreya qo`shma korxonasida bo`lib o`tgan uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o`rtasidagi do`stona aloqalar, hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari haqida so`z yuritdilar. Ular qishloq xo`jaligi mashinasozligi sohasida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yaqin kelajakdagi vazifalar xususida ham o`z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, mehmonlar O`zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligining mahsuli – “Qishloq xo`jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Ushbu markaz O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 iyuldagi “Qishloq xo`jaligi mashinasozligi sohasida ilmiy-texnik bazani rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga asosan tashkil etilgandi. Markazning asosiy faoliyati qilib esa, qishloq xo`jaligi uchun muhim hisoblangan texnikalarni ishlab chiqarishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, tajriba-konstruktorlik ishlarini yuritish, texnologik loyihalashtirish kabi vazifalar belgilangandi.

– Bundan tashqari, jamiyatimizga qarashli, ushbu markazda ilg`or texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish, qishloq xo`jaligi mashinasozligida yangi mashina tizimlarini yaratish va sinovdan o`tkazish kabi tadbirlar ham amalga oshirilmoqda, – deydi “O`zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Shuningdek, bu erda qishloq xo`jaligi mashinalarini modernizasiya qilish orqali yoqilg`ini kam sarflaydigan, tejamkor mashina turlarini yaratish, ularni dala sinovlarida ish samaradorligini oshirish yuzasidan ham qator ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlari bajarilmoqda.

Tashrif doirasida koreyalik mehmonlarga ushbu markaz faoliyati, bu erda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma`lumotlar berildi. Qolaversa, ularga istiqboldagi loyihalar, hamkorlikda o`tkazilgan ilmiy seminarlar hamda markaz tomonidan olib borilayotgan ilmiy-texnik izlanishlar samarasi aks ettirilgan qishloq xo`jaligi texnikalari ham namoyish etildi.

Sohibjon Salimov, “O`zagrotexsanoatxolding” AJ matbuot xizmati.

    Boshqa yangiliklar