Prezidentimiz hududlarga tashrifi davomida doim chekka qishloq va ovullargacha kirib borib, ijtimoiy soha obektlari, oddiy odamlar xonadonlarida bo`lib, yuzaga kelgan real vaziyat, aholining turmush sharoiti bilan yaqindan tanishmoqda, muammolarni bartaraf qilish bo`yicha tegishli ko`rsatmalar bermoqda.
Jamiyatimiz tafakkur tarzida, ijtimoiy jarayonlarda ulkan o`zgarishlarga olib kelayotgan ushbu tashabbusga hamohang tarzda Prezidentimizning muayyan viloyatga tashrifi arafasida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan hududlarda AKTni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tizimli ravishda o`rganib kelinmoqda.
Jumladan, 27-28 fevral kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov hududda telekommunikasiya infratuzilmalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini o`rganish maqsadida Namangan viloyatida bo`ldi.
Viloyatga tashrif doirasida Chust, To`raqo`rg`on, Kosonsoy tumanlari telekommunikasiya bog`lamalari va mazkur tumanlarning pochta aloqa bog`lamalari, tumandagi Andijon radiotelevizon uzatish markazining “Kosonsoy” radiotelevizion stansiyasi faoliyatini yaqindan o`rgandi. Kosonsoy tumanidagi “Gurmiron”, “Namuna” MFY hududlarida joylashgan qishloq ATS orqali aholiga ko`rsatilayotgan telekommunikasiya xizmatlari sifati hamda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligiga e`tibor qaratdi.
Shuningdek, soha rahbari, Namangan shahrida Viloyat elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, pochta va telekommunikasiya bog`lamalarining bo`sh turgan binolarida kompyuter savodxonligi o`quv kurslarini tashkil etish yuzasidan joylarda xonalarni tayyorlash va ta`mirlash ishlarining borishi, Vazirlikning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi faoliyati va u erda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Vazir Sh. Sadikov uchrashuvlar davomida mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlantirishga hissa qo`shish, buning uchun esa soha daromadlarini oshirish, tarmoqda faoliyat yuritayotgan soha vakillarining turmush darajasini yaxshilash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratib berish har bir rahbarning oldida turgan birinchi darajali vazifasi ekanini alohida ta`kidlab o`tdi.
Mavjud imkoniyatlar va resurslardan oqilona foydalanish hisobiga qishloq joylarida aholiga zamonaviy telekommunikasiya xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha Kosonsoy tumanida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berilib, ushbu tajribani o`rganish va respublikaning boshqa hududlarida ham amalga oshirish tavsiya etildi.
Viloyatda sohada erishilgan natijalar bilan birgalikda, o`z echimini kutayotgan bir qator muammoli masalalar mavjudligi, jumladan, keng polosali portlardan foydalanish darajasini oshirish, ko`rsatilayotgan simli telekommunikasiya xizmatlarining sifatini yanada yaxshilash, viloyatda mavjud turistik obektlarda Wi-Fi hududlarini jadal tashkil etish, viloyatdagi soha korxonalarida tijorat va marketing ishlarini samarali yo`lga qo`yish bo`yicha aniq ko`rsatmalar berildi.
An`anaga ko`ra, Vazir tomonidan uzoq yillar davomida tarmoq rivojiga munosib hissa qo`shib kelayotgan bir guruh soha xodimlari Vazirlikning tashakkurnomasi hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.






