Mudofaa vazirligi tizimidagi barcha oliy harbiy ta`lim muassasalarida 2018-2019 o`quv yilining birinchi yarim yilligi yakuni bo`yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot yig`ilishi o`tkazildi.
Mazkur tadbir mudofaa vazirining o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikromov boshchiligida olib borildi. Yig`ilishda Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi ofiserlari, barcha oliy harbiy ta`lim muassasalarining boshliqlari, ularning o`quv va ilmiy ishlar bo`yicha o`rinbosarlari, kafedra va sikl boshliqlari, professor-o`qituvchilar qatnashdi.
Tadbir davomida harbiy ta`lim muassasalarida ta`lim-tarbiyaning 2018-2019 o`quv yili birinchi yarim yilligi davridagi tahlili, o`quv jarayonidagi tizimli muammolar va ularni bartaraf etish yo`llari muhokama qilindi.

Jumladan, yig`ilish davomida harbiy xizmatchilarni o`qitish, ularga ta`lim berish, professional jihatdan qayta tayyorlash va malakasini oshirish, pedagogik va ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish, shuningdek, joylarda ta`lim sifatini yaxshilashga to`sqinlik qilayotgan bir qator institusional va tashkiliy muammolar mavjudligi ta`kidlandi.
Shu bilan birga ma`ruzachilar tomonidan ta`lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, dunyoqarashi va fikrlash doirasi keng mutaxassislarni hamda yuqori professional o`qituvchilarni tayyorlash bo`yicha bir qancha taklif va tavsiyalar taqdim qilindi.






