O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatarning Doha shahrida "Tolibon" harakati siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Axund bilan amaliy uchrashdi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati. Uchrashuvda O`zbekiston prezidentining Afg`oniston bo`yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev ham ishtirok etdi.
Mulla Barodar Axund O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Afg`onistondagi tinchlik jarayoniga ko`maklashishga qaratilgan siyosatini yuqori baholadi. U o`tgan yilning mart oyida o`tkazilgan hamda afg`on mojarosini tinch yo`l bilan hal etish borasidagi xalqaro sa`y-harakatlarning faollashishiga kuchli turtki bergan Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasi ahamiyati va yakunlarini ham alohida ta`kidladi.
Bundan tashqari "Tolibon" harakati rahbariyati vakili transport, energetika va ta`lim sohalaridagi muhim iqtisodiy loyihalarni Afg`onistonda amalga oshirish bo`yicha O`zbekiston tashabbuslarini ijobiy baholadi.
Mulla Barodar qayd etishicha, O`zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afg`onistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda to`la qonli siyosiy jarayon boshlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. Natijada Afg`oniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo o`rtasida "ishonch va hamkorlik ko`prigi" bo`lishi mumkin.
"Tolibon" rahbariyati vakili Afg`onistonda tinchlik jarayonini yanada taraqqiy ettirish borasida O`zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ma`lum qildi.






