AsosiyJamiyat

DXX katta miqdordagi moddiy-tovar boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo`ydi

'DXX katta miqdordagi moddiy-tovar boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo`ydi'ning rasmi

Moddiy-tovar boyliklarning qonunga xilof ravishda davlat chegaralaridan olib o`tilishi mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga putur etkazadi. Shu bois Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan chegara qo`shinlari bilan hamkorlikda davlat chegaralari daxlsizligi va iqtisodiy xavfsizlikni ta`minlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Garchi moddiy-tovar boyliklarni noqonuniy ravishda chegaradan olib o`tishning oqibatlari haqida muntazam ma`lumot berib borilayotgan bo`lsa-da, hali-hanuz tegishli xulosa chiqarmagan kimsalar uchramoqda. Shunday shaxslardan biri Muzaffar Dadaboevdir. U Uychi tumanida joylashgan chegara hududi orqali Qirg`iziston Respublikasidan O`zbekiston hududiga noqonuniy ravishda umumiy qiymati 968 million so`mdan ziyod bo`lgan katta miqdordagi tovar moddiy boyliklarni olib o`tishga uringan.

Dastlabki surishtiruv jarayonida ma`lum bo`lishicha, Muzaffar Dadaboev “GAZ-53” rusumli avtomashina yukxonasiga muzlatgich, changyutgich, elektr isitgich, televizor, gazlamalar, energetik ichimliklar, ozdiruvchi kapsulalar hamda 352 dona mobil telefon, 300 kg eron pistasini yuklab, yashirin yo`llar orqali mamlakatimizga olib kirmoqchi bo`lgan paytda fosh etilgan.

O`zA xabariga ko`ra, hozirda mazkur holat bo`yicha Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar