Moskva okrug harbiy sudi 25 fevral, dushanba kuni Sankt-Peterburg metrosida terakt uyushtirganlar ustidan birinchi sud majlisini o`tkazadi. Bu haqda sud matbuot xizmatiga tayanib Sputnik xabar berdi.
Sud majlisining tayyorlov qismida sud majlisi ishtirokchilari yangi guvohlar, ekspertlar yoki mutaxassislar chaqirish, ashyoviy dalillar va hujjatlar talab qilib olish yoki qo`shimcha dalillar to`g`risida iltimosnoma keltirishlari mumkin.
2017 yil 3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosining «Sennaya ploshad» va «Texnologicheskiy institut» bekatlari oralig`ida vagon ichida portlash sodir etildi. Hodisada 16 kishi, jumladan, xudkush terrorchi Akbarjon Jalilov halok bo`ldi.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, Qirg`izistonning Qorasuv tumanidan bo`lgan Sirojiddin Muxtorov Sankt-Peterburg metrosida uyushtirilgan terakt buyurtmachisidir. Hozirda u sirtdan hibsga olingan. Shuningdek, o`zbekistonlik Boburjon Mahbub ham terakt tashkilotchilaridan biri sifatida sirtdan hibsga olingan.
Mazkur jinoiy ish yuzasidan Sayfulla Hakimov, Shohista Karimova (ushbu jinoiy ish yuzasidan qo`lga olingan yagona ayol), Akram Azimov, Muhammadyusuf Mirzaalimov, Abror Azimov, Dilmurod Muydinov, Sodiq Ortiqov, A`zamjon Mahmudov, Bahrom Ergashev, Ibrohim Ermatov va Muhammadyusuf Ermatov ayblanuvchi sifati sud qilinadi.
Tergov Abror Azimovni ham terakt tashkilotchilaridan biri deb hisoblaydi. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, uning ukasi Akram Turkiyada terakt sodir etish uchun xalqaro terrorchi guruhning faol ishtirokchisidan pul olgan, so`ng xudkushga topshirgan.






