AsosiyJamiyat

Shvesiya delegasiyasi tashrifi doirasida biznes-forum tashkil etildi

'Shvesiya delegasiyasi tashrifi doirasida biznes-forum tashkil etildi'ning rasmi

O`zbekiston va Shvesiya biznes vakillari ishtirokida Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Business Sweden” Kengashi tomonidan biznes-forum o`tkazildi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi PR markazi xabar bermoqda. Biznes-forum davomida O`zbekiston idoralarining vakolatli vakillari tomonidan taqdimotlar bo`lib o`tdi. Unda hamkorlik uchun istiqbolli yo`nalishlar taqdim etildi.

Shvesiya Qirolligining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi (Qarorgohi Stokgolm shahrida) Ingrid Tersman boshchiligidagi delegasiya mamlakatimizda savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida istiqbolli yo`nalishlarni muhokama qilish uchun tashrif buyurdi. Delegasiya tarkibi Shvesiya “Bussiness Sweden” Savdo va Investisiya Kengashining Evroosiyo bo`yicha direktori va tashkilot mutaxassislari, “ABB Safegate”, “Scania”, “Ericsson”, “Alfa Lacal Potok”, “Epirok”, “EF Education First” hamda “Sandvik: konchilik va kon texnologiyasi” kompaniyalari rahbarlaridan iborat.

Shvesiya kompaniyalari energetika, neft-gaz, tog`-kon sanoati, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, aviasiya va havo transporti hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalari kabi sohalarda faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda Shvesiya muhim tabiiy resurslarga, rivojlangan ichki va tashqi transport infratuzilmasi, yuqori malakali aholiga ega bo`lgan sanoati rivojlangan mamlakatdir.

Tadbir yakunida “EF Education First” kompaniyasi va O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi o`rtasida o`zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Imzolangan memorandumga binoan, tomonlar inson kapitali rivojlanishi sohasida tajriba almashadilar va ingliz tilini o`z ichiga olgan xorijiy til o`qituvchilarini tayyorlash sohasida hamkorlik qilishadi va ularning bilimlarini baholashadi.


    Boshqa yangiliklar