O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 yanvar kunidan boshlab O`zbekistonda xorijga vaqtinchalik chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikerlari berish to`xtatilib, xorijga chiqish biometrik pasportlari joriy etildi.
Endilikda O`zbekiston hududida ikki turdagi pasportlar – ichki va xorijga chiqish pasportlari amal qiladi. Ichki pasport sifatida o`zbekistonliklar bugungi kunda foydalanayotgan biometrik pasportlar amal qilishadi. Xorijga chiqish pasportlari esa fuqarolar uchun ruxsatnoma yozuvi stikerlarini o`rnini bosib, 10 yil muddatdga beriladi.
Ba`zi fuqarolar xorijga chiqish pasportlarining joriy qilinishidan havotirga tushib, tegishli boshqarmalar vakillariga turli xil savollar bilan murojaat qilishmoqda.
Toshkent shahar IIBB ko`p beriladigan va muhim savollarga javoblar to`plamini e`lon qildi. Quyida ushbu javoblar bilan tanishishingiz mumkin.
Xorijga chiqish biometrik pasportlarining ko`rinishi qanaqa bo`ladi?
Xorijga chiqish biometrik pasportlari to`q qizil rangda tayyorlanib, 48 betga ega bo`ladi. Xorijga chiqish biometrik pasportlarining varaqlarida yurtimizning tarixiy va arxitektura yodgorliklari aks etgan. Bundan tashqari, xorijga chiqish pasporti suv belgilari, rangi o`zgaruvchi bo`yoq, muarli effekt, metallashtirilgan himoyaviy ip, laminasiyalashtirilgan plyonka hamda pasport qobig`iga joylashtirilgan elektron chipdan iborat.
Xorijga chiqish pasportining xorijga vaqtinchalik chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikerlaridan afzal tomoni nimada?
Ruxsatnoma yozuvi stikerlari 2 yillik muddatga berilar edi. Xorijga chiqish pasportlari 10 yil amal qiladi. Xorijga tez-tez chiqadigan fuqarolar uchun bu qo`shimcha qulaylikdir. Xorijga chiqish pasporti shuningdek xalqaro standartlarga javob beradi.
Xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun zarur bo`lgan hujjatlar ro`yxati qanaqa?
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, xorijga vaqtinchalik chiqish maqsadida xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
- ikki nusxada tegishli shakldagi ariza-anketa;
- biometrik pasport yoki 16 yoshga to`lmagan fuqarolarning tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi va asli.
- harbiy guvohnoma yoki harbiy qism ro`yxatida turganlik haqidagi guvohnoma (harbiy xizmatga majburlar uchun);
- ikkita 3,5x4,5 rasm;
- oldin taqdim etilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (agar bo`lsa);
- vakil idoraning huqmi (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olinganda);
- xorijga chiqish uchun ota-ona yoki vasiylik qiladigan odamning notarial tasdiqlangan ruxsati (voyaga etmaganlar uchun);
- hamroh fuqaroning notarial tasdiqlangan majburiyati (voyaga etmaganlar uchun);
- davlat bojini to`laganlik haqidagi kvitansiya;
15 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan fuqarolar xorijga ota-onalari yoki vasiylarning notarial tasdiqlangan ruxsati bilan hamrohsiz chiqishlari mumkin.
Rasm bo`yicha alohida talablar bormi?
Bosh kiyimda (yuzni biror qismini berkitadigan kiyim unsurlari bilan), rangli linza va ko`zoynaklarda tushilgan rasmlar qa`bul qilinmaydi.
Xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun davlat bojining qiymati qancha?
Xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat bojining qiymati EKIHning 120 foizini tashkil etadi (2019 yil 1 yanvar kuni holatiga ushbu qiymat 243 276 so`mga teng).
16 yoshga etmaganlar xorijga chiqish pasportlarini olish uchun davlat boji EKIHning 80 foiziga teng (162 184 so`m).
O`zbekistonda yashovchi fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun, ularning yoshlaridan qat`iy nazar, davlat boji EKIHning 100 foiziga teng (202 730 so`m).
Nima sababdan xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat bojining qiymati ruxsatnoma yozuvi stikerlari uchun olingan davlat bojidan yuqori?
Xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat boji EKIHning 120 foiziga teng bo`lib, u 10 yil muddatga beriladi. Ruxsatnoma yozuvi stikerlari uchun davlat boji EKIHning 50 foiziga teng edi, ammo u 2 yil muddatga berilar edi. Ilgari fuqarolar Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga 10 yil ichida 5 marotaba murojaat qilishlariga to`g`ri kelar edi, davlat boji ushbu davr ichida bir necha marotaba oshib, 10 yilda EKIHning 250 foiziga teng bo`lar edi.
Xorijga chiqish pasporti qancha muddatda tayyorlanadi?
Xorijga chiqish biometrik pasporti 10 ish kuni davomida tayyorlanadi.
Xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati qancha?
Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlari bilan beriladi:
- tug`ilgan kunidan 1 yoshgacha – 2 yillik muddatga;
- 1 yoshdan 16 yoshgacha – 5 yillik muddatga;
- 16 yoshdan katta bo`lgan shaxslarga – 10 yillik muddatga.
Biometrik pasportdagi ruxsatnoma yozuvi stikerlari bilan xorijga qachongacha chiqish mumkin bo`ladi?
Hozirgi pasportlar bilan xorijga 2021 yil 1 yanvar kunigacha chiqish mumkin bo`ladi. 2019 yil 1 yanvar kunigacha rasmiylashtirilgan stikerlar, ularda ko`rsatilgan muddatgacha amal qilishadi. 2019 yildan buyon ruxsatnoma yozuvi stikerlari berilmaydi, uzoq xorijga chiqish uchun xorijga chiqish pasportini olish zarur bo`ladi.
Xorijga chiqish istagida bo`lgan qizlar suhbatdan o`tishlari kerak bo`ladimi?
2018 yilning iyun oyidan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo`lgan qizlar bilan suhbat o`tkazish tartibi bekor qilindi. Ular xorijga chiqish vizasini umumiy asosda olishadi.






