Mudofa vazirligi Sport klubining taniqli sportchilari Tuyabo`g`iz suv ombori (Toshkent dengizi)da sportchi-yoshlarga baydarka va kanoeda eshkak eshish bo`yicha master-klass o`tkazishdi.
Unda Mudofaa vazirligi sport klubi a`zosi leytenant Vadim Menkov, shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askarlar Gerasim Kochnev va Olga Umarova kabi qator sport ustalari o`z tajribalari bilan o`rtoqlashdi.
Ta`kidlash kerakki, leytenant Vadim Menkov baydarka va kanoeda eshkak eshish bo`yicha 4 karra Osiyo o`yinlari g`olibiga aylangan ilk sportchi, Xalqaro kanoe federasiyasi tomonidan dunyoning 2009 yildagi “Eng yaxshi kanoechisi” deb topilgan edi.
Shuningdek, mashg`ulotda hali maktab o`quvchisi bo`lsada, kanoeda eshkak eshish bo`yicha sport ustasiga aylanib ulgurgan Gulbahor Fayzieva (yurtimizda o`z yo`nalishida eng birinchi bo`lib Olimpiada o`yinlarida oltin medalni qo`lga kiritgan) hamda sport ustasi, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Dilnoza Rahmatova ham ishtirok etdi.
Master-klass jarayonida 2018 yili baydarka va kanoeda eshkak eshish bo`yicha “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deya e`tirof etilgan Mudofaa vazirligi sport klubi katta murabbiyi Ekaterina Zarkova yoshlarga hayotiy maslahatlarini berib bordi. Dunyo tan olgan sportchilar bilan o`tkazilgan mashg`ulotlar barcha ishtirokchilarni yuksak marralar sari chorlagani shubhasiz.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






