AsosiySiyosat

Prezident "O`zbekistonda turizmni tezkor rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi farmonni imzoladi

'Prezident "O`zbekistonda turizmni tezkor rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi farmonni imzoladi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev "O`zbekiston Respublikasida turizmni tezkor rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko`ra, mamlakatda turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, taqdim etilayotgan xizmatlar sifati va raqobatbardoshligini oshirish, jahon bozorlarida milliy turistik mahsulotni faol va kompleks targ`ib qilish hamda O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatida aytilgan takliflarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek Respublikaning 2017-2021 yillar uchun rivojlanishning besh ustuvor yo`nalish bo`yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:

1. O`zbekiston Respublikasida 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

2. 2017 yilning 16 avgustida Prezident qaroriga ko`ra tuzilgan Turizmni rivojlantirish bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Aripov) ushbu yo`nalishdagi barcha tadbirlarning o`z vaqtida sifatli tashkillashtirilishida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, Konsepsiya va Chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilish monitoringini yuritadi hamda har chorakda Prezident ma`muriyatiga mazkur hujjat bo`yicha ishlarning borishi haqida batafsil ma`lumot taqdim etadi.

3. 2019 yilning 1 fevralidan 45 davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilinadi.

4. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Tashqi ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining 2019 yilning 1 fevralidan elektron kirish vizasi oluvchi mamlakatlar ro`yxatini kengaytirish, 15 martdan esa 30 kun davomida amal qilinuvchi elektron vizalar turlari (ikki martalik va ko`p martalik) tizimini joriy qilish, shuningdek alohida xorijiy fuqarolar guruhlariga qo`shimcha vizalar toifasini yo`lga qo`yishga oid takliflari qabul qilindi.

5. 106 mamlakat fuqarolariga O`zbekistonda turar-joy sotib olish huquqini taqdim etiladi. Buning uchun ushbu davlatlar fuqarolari O`zbekiston hududlaridan muayyan summadagi ko`chmas mulk inshootlarini xarid qilishlari kerak bo`ladi.

6. O`zbekistonning logistik jozibadorligini tubdan yaxshilash hamda mahalliy aeroportlardagi parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga doir ishlarni muvofiqlashtiruvchi Ishchi guruhi tuziladi.

7. Uch oy ichida respublika transport tizimi yagona elektron portali yaratiladi, u blokcheyn texnologiyalari asosida reyslar (avtobus, avia- va temir yo`l) qulayligini inobatga olgan holda chiptalar sotuvini amalga oshiradi.

Hujjat ijrosi nazorati O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Prezident ma`muriyati rahbari Z.Nizomiddinov, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov va Bosh vazir o`rinbosari A.Abduhakimovlar zimmasiga yuklanadi.

    Boshqa yangiliklar