Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 13 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.
Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yil 28-30 yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog`ida ko`plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi. O`tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirishni ko`zda tutuvchi ko`plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi.
Tahlillarga ko`ra, viloyatda joriy yilning 9 oyida yalpi hududiy mahsulot hajmi 15 trillion 341 milliard so`mni tashkil etdi va 2017 yilning shu davriga nisbatan 103 foizga o`sishi ta`minlandi.
Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 54, xizmatlarning ulushi 33,5 foizni tashkil etdi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9, iste`mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 2,3, kapital qo`yilmalar hajmi 40,5, pudrat ishlari 2,3, bozor xizmatlari 7,2 , chakana savdo aylanmasi 3,7 foizga o`sdi.
Viloyatning “2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” Dasturiga muvofiq hisobot davrida qiymati 529,8 milliard so`mlik 560 ta jumladan, sanoatda 50 ta, xizmat ko`rsatishda 248 ta va qishloq xo`jaligi yo`nalishida 262 ta loyihalar amalga oshirildi.
Hisobot davrida 2 ming 239 ta yangi kichik biznes sub`ektlari tashkil etildi hamda ularning jami soni 16 ming 794 taga etdi. Hozirgi kunda ro`yxatdan o`tgan sub`ektlarning 16 ming 289 tasi yoki 97 foizi faoliyat ko`rsatmoqda. (2017 yilda 96,2 foiz). Shuningdek, o`tgan davrda 243 ta kichik biznes sub`ektlarining faoliyati tiklandi va ularda 648 ta ish o`rinlari saqlab qolindi.
O`tgan davrda 16 ta qo`shma korxonalar yangidan tashkil etildi va ularning soni 74 taga etkazildi. Shundan, 72 ta qo`shma korxonalar faoliyat ko`rsatmoqda.






