12 dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar markazida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan “Ittifoq ta`lim granti” loyihasining 55 nafar sovrindorlarinitaqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirda boquvchisini yuqotgan, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg`alari tantanali ravishda topshirildi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini o`z vaqtida himoya qilishmamlakatdagi o`zgarish va yuksalish jarayonini orqaga qaytishiga yo`l bermaydigan ijtimoiy tayanchdir. O`zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining shakllanishida ham yoshlarni ijtimoiy himoya qilish muhim vazifalarimizdan biri, — deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Hayot Qosimov. — “Ittifoq ta`lim granti” loyihasiana shu vazifalarning ijrosi va yoshlarning jamiyatda munosib o`rnini topishi, o`z ustida ishlab kuchli mutaxassis bo`lib etishishiga ko`maklashmoqda.
O`zbekiston yoshlar ittifoqining “Ta`lim granti” loyihasi orqali 227 nafar sovrindor talabalarning 50 foiz to`lov–shartnoma mablag`lari tahsil olayotgan oliy ta`lim muassasalariga o`tkazib beriladi. Mazkur loyiha uchun jami 800 mln so`m miqdorda mablag` ajratildi.
— Joriy yil O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga to`lov kontrakti asosida talabalikka tavsiya etildim. Biroq oilaviy sharoitdagi moddiy qiyinchiliklar sabab o`qishdan voz kechishga to`g`ri kelayotgandi. O`sha paytlar yaqin dugonamdan mazkur loyiha haqida eshitib qoldim. O`zbekiston yoshlar ittifoqiga hujjatlarimni topshirib, bugun “Ta`lim granti” sovrindorlari qatoridan joy oldim deydi loyiha g`oliblaridan Madina Yuldosheva. — 11 yoshimdan beri sportning gimnastika turi bilan shug`ullanib kelaman va bu yo`nalishda viloyatda bo`lib o`tgan musobaqalarda faol ishtirok etganman. 2012 yil bo`lib o`tgan Xalqaro “Happy caravan” musobaqasida jamoaviy chiqish bo`yicha oltin medal, 2013 yil Namangan viloyatida bo`lgan “O`zbekiston chempionati” va 2014-yil Namangan shahrida o`tkazilgan “Barkamol avlod“ musobaqasida bronza medal, 2015 yilgi “O`zbekiston Respublikasi kubogi musobaqasi”da jamoaviy chiqish bo`yicha kumush medal sohibi bo`lganman. 2016 yildan buyon Jizzax terma jamoasida o`z murabbiylik faoliyatimni yo`lga qo`ydim. 2017 yil shogirdim Sahobova Madina yoshlar o`rtasida bo`lib o`tgan Respublika chempionatida oltin medal, 2018yil xalqaro musobaqada jamoaviy chiqishda kumush medal sohibasi bo`ldi. Bugungi rag`bat va ishonchni oqlash uchun kelgusida shogirdlarimni jahon chempionlari qilib tarbiyalashga harakat qilaman.
“Ittifoq ta`lim granti” loyihasi covrindorlarini aniqlashda asosiy e`tibor talabaning ayni vaqtdagi ijtimoiy-moddiy ahvoli, jamoatchilik ishlarida faolligi va erishgan yutuqlariga qaratildi.
— Men Guliston davlat pedagogika universiteti biologiya yo`nalishining
1-bosqich talabasiman.Bolalar tarbiyasi, maktabgacha ta`lim muassasasi va undagi islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Bu qiziqish keyinchalik shu soha bo`yicha kasb tanlash istagini uyg`otdi. 2018 yilda mazkur yo`nalish bo`yicha o`qishga hujjat topshirdim. Ammo, shartnoma asosida o`qishga qabul qilindim. Shartnoma pulini to`lashga esa imkoniyatimiz etarli emas edi. Shu orada “Ittifoq ta`lim granti” loyihasi haqida xabar topdim va tashkilotga hujjatlarimni topshirdim. Natijada bugun o`qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo`ldim.Bu rag`batga javoban kelgusida nutqi va eshitishida nuqsoni bor bolalar uchun maxsus matabgacha ta`lim muassasasini ochish orqali taraqqiyotimiz rivojiga munosib hissa qo`shishni oldimga maqsad qildim. Yoshlarga har tomonlama tayanch bo`layotgan O`zbekiston yoshlar ittifoqidan cheksiz minnatdorman, – deydi sovrindor Shaxnozabonu Komilova.
Tadbir davomida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan loyiha doirasida yoshlar orasidagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ko`magi uchun “O`zpaxtasanoat”, “O`zavtosanoat”, O`zdonmaxsulot” kabi aksiyadorlik jamiyatlari va "Orient Finans Bank" xususiy aksiyadorlik tijorat banki, “Asia Alliance Bank” ga tashakkurnomalar va esdalik sovg`alari taqdim etildi.
Shahnoza Nurullaeva






