O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n ettinchi yalpi majlisida ma`ruza qilgan Senat raisi N.Yo`ldoshev Davlatimiz rahbarining ko`rsatmalari va tashabbuslari asosida qonun ijodkorligi hamda nazorat faoliyati borasidagi ishlarni sifat jihatidan yanada yaxshilash jarayonlari davom etayotganiga e`tibor qaratdi.
Xususan, qabul qilingan qonunlarning amalda so`zsiz ishlashini ta`minlash maqsadida keyingi ikki yilda Senatning ko`rsatma va tavsiyalari asosida 23 qonunda ko`zda tutilgan 107 qonunosti hujjatining amalga kiritilishi ta`minlandi.
Senat raisi o`z so`zida bu boradagi og`riqli va dolzarb bo`lib qolayotgan bir jihatlarga to`xtaldi. “Biz doimo qonun, ijrosi bilan kuchli ekanligini, jamiyatda qonun ustuvorligi, avvalo, uning ijrosi qay darajada ta`minlangani bilan bog`liqligini ko`p ta`kidlaymiz, dedi rais. Afsuski, hatto qonun ijrosini ta`minlashga bevosita mas`ul bo`lgan vazirlik va idoralarda ham bu haqiqat mohiyati to`liq anglab etilgani yo`q”.
Achinarlisi, qonun ijrosini ta`minlashdagi sustkashlik, qonunning o`ziga hurmatsizlik va bepisandlik u yoki bu sohaning umumtaraqqiyotdan orqada qolishiga, hatto inqirozga yuz tutishiga sabab bo`lmoqda.
Ma`lumki, 2019 yilda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinganiga 30 yil to`ladi.
Tariximizdagi ushbu shonli sanani munosib nishonlashga puxta tayyorgarlik ko`rish va tilimiz rivoji bilan bog`liq muammolarni tahlil etish maqsadida “Davlat tili haqida”gi qonunning Toshkent shahrida, shuningdek, turli vazirlik va idoralarda ijro etilishi holati o`rganildi.
O`rganishda mustabid tuzum hukmronligi davrida xalqimizning o`ziga xos jasorati timsoli sifatida qabul qilingan ushbu qonun ijrosi yillar davomida deyarli o`z holiga tashlab qo`yilganligi aniqlandi.
Eng afsusli jihat shundaki, tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil sanalishiga va inson qaysi tilda so`zlasa va fikrlasa, o`sha tildagi mafkuraga moyil bo`lishiga ahamiyat qaratmadik. Aksincha, qonun ijrosini nazorat qilishga mas`ul bo`lgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qo`mitasi faoliyatlari tugatildi, lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish ishlari esa, belgilangan muddatda to`liq yakuniga etkazilmadi.
Keyinchalik qabul qilingan qonunlardagi normalarning “Davlat tili haqida”gi qonunga muvofiqligini ta`minlash masalasi ham e`tibordan chetda qoldi.
Misol uchun, “Reklama to`g`risida”gi, “Firma nomlari to`g`risida”gi va boshqa qonunlarda “Davlat tili haqida”gi qonun normalariga zid qoidalar mavjudligi buning yaqqol dalilidir.
Qonunda javobgarlikka tortishga asos bo`luvchi normalar mavjud bo`lsa-da, qonun normalarining muntazam buzib kelinayotgani uchun biron-bir aybdor shaxs belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmadi.
Achchiq bo`lsa-da, aytishga to`g`ri keladi – bu holat qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish o`rniga, uni ma`lum ma`noda rag`batlantirmoqda.
Bu kabi yana ko`plab kamchiliklar va hanuzgacha davom etayotgan qonunbuzarliklar, ta`bir joiz bo`lsa, qonunning egasiz va ojiz bo`lib qolgani oqibatida davlat tili nufuzi pasaymoqda.
E`tibor bering: o`nlab atamalar nafaqat kundalik iste`molda, balki normativ-huquqiy hujjatlarda ham hech bir izohsiz qo`llanilmoqda.
Turli yillar mobaynida Adliya vazirligidan ro`yxatdan o`tkazilgan 154 normativ - huquqiy hujjatning ilovalari davlat tilida tasdiqlanmagan.
Shuningdek, 2018 yilda qabul qilingan vazirliklar, davlat qo`mitalari va agentliklarning 34 ta qo`shma qarori ham davlat tilida emas. Buning ustiga, ko`plab normativ-huquqiy hujjatlarda “Rus tilidagi matnga qarang”, degan havolalarning mavjudligini esa, davlat tiliga o`ta hurmatsizlik sifatida baholash mumkin.
Nafaqat nodavlat teleradiokanallari, balki O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida ham boshlovchilar tomonidan adabiy til qoidalariga zid ravishda turli sheva larda so`zlash salbiy odat tusiga aylanmoqda.
Telekanallarda efirga berilayotgan nomi inglizcha-yu, o`zi go`yoki o`zbekcha ko`rsatuvlar til qoidalariga mutlaqo yotligi mas`ullarni ham, ko`rsatuvlarni tayyorlovchi qo`shtirnoq ichidagi “ijodkor”larni ham hech bo`lmaganda uyaltirmayapti.
Yana bir jihat. Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosida saboq olishni boshlagan yosh avlod bugun 23 yoshdan oshdi.
Fundamental ilmiy, badiiy, siyosiy va boshqa adabiyotlarning aksariyati esa, kirilchada qolib ketgan. Oqibatda hayotning ayni ilm olishga zarurat va ishtiyoq tug`ilgan jo`shqin pallasida aksariyat yoshlarning imkoniyati cheklanib qolmoqda.
N.Yo`ldoshev tilimizning abgor holatga tushib qolayotganiga o`zimizdagi beparvolik va e`tiborsizlik sabab bo`lmoqda, deb alohida ta`kidladi.
Shu bois Senat Kengashi Vazirlar Mahkamasi va boshqa mas`ul tuzilmalarga shu kabi ko`plab kamchiliklarni, davlat tili rivojiga to`siq bo`layotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni bergan.






