AsosiyJamiyat

Tarkibida giyohvand moddasi bor dori sotuvchilar ushlandi

'Tarkibida giyohvand moddasi bor dori sotuvchilar ushlandi'ning rasmi

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi O`rikzor mahallasida yashovchi So`piev Panjiboy mijozga 20 dona “Tramadol” psixotrop moddasini 60 ming so`mga sotayotganida ushlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi.

“Bobodexqon” oziq-ovqat bozori” mas`uliyati cheklangan jamiyati hududida sodir bo`lgan ushbu hodisa yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari chog`ida So`piev Panjiboy (ism-shariflar o`zgartirildi) psixotrop moddani tumandagi Bog`inav mahallasida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Jolg`ashov Turdidan olgani ma`lum bo`ldi. Tadbirkorning “Bobodexqon” oziq-ovqat bozori” hududidagi savdo do`koni ko`zdan kechirilganda 4 dona “Tramadol” psixotrop moddasi borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olindi.

– Tarkibida giyohvand vositalari va psixotrop moddalari bo`lgan dori-darmonlarning noqonuniy aylanishiga qarshi hududlarda olib borilayotgan tadbirlar o`z samarasini bermoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan Farhod Toshboev. – Jumladan, Denov tumani Nuriston mahallasida yashovchi 27 yoshdagi Sobir To`xliev boshqaruvidagi VAZ-21011 rusumli avtomashina to`xtatilib tekshirilganda uning yonidan 10 dona “Tramadol” giyohvandlik moddasiga kiruvchi tabletkalar borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi. Shuningdek, Termiz tumani Uchqizil mahallasidagi xususiy dorixonalardan birida o`tkazilgan tadbirda dorixona sotuvchisi Sayid Nuriev mijozga 10 dona “Zopiklon (SONNAT)” psixotrop moddasini 30 ming so`mga sotayotganida ushlandi. Dorixona ko`zdan kechirilganda 35 dona “Zopiklon (SONNAT)” psixotrop moddasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi. Qumqo`rg`on tumanidagi Yangishahar mahallasi hududidagi xususiy dorixona sotuvchisi Oysanam To`raeva ham mijozga 5 dona “Zopiklon (SONNAT)” psixotrop moddasini 15 ming so`mga sotayotganida qo`lga tushib qoldi. Shundan so`ng dorixonadan yana 11 dona “Zopiklon (SONNAT)” tabletkasi topilib, rasmiylashtirildi.

O`zA xabar berishicha, mazkur holatlar bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

    Boshqa yangiliklar