Viloyatdagi Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” sardorlarining 100 nafari qishki ta`tilni Surxondaryo viloyatida joylashgan “Xalqaro yoshlar oromgohi”da o`tkazadigan bo`lishdi.
Bu haqda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboev viloyatda tizimning xodim, etakchi va sardorlari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda ta`kidladi.
- Tengdosh-tengdoshga tamoyili asosida faoliyat olib borayotgan sardorlarimizning jonbozliklari tahsinga loyiq, - dedi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboev. – Vatanga sadoqat, tengdoshlariga ko`mak va fidoyilik e`tibordan chetda qolmaydi. Viloyatdagi sardorlarning 100 nafari qishki ta`tilni Surxondaryo viloyatida joylashgan “Xalqaro yoshlar oromgohi”da o`tkazishadi.
Haqiqatdan ham Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” sardorlarining fidokorona mehnatlari sabab bugun o`quvchilarning dars qoldirishi, shuningdek, kompyuter o`yin zallarida behudaga vaqtlarini o`tkazish xolatlari keskin kamaydi.
- Bu imtiyoz bizni yanada ruhlantirdi, - deydi viloyatning Yoshlar ittifoqi sardori Zarina To`xtaeva. – Oromgohda faoliyatimizga doir master-klasslar, sport musobaqalari, turli xil viktorinalar, shuningdek, 2019 yil uchun yoshlarbop loyihalarni ishlab chiqishga doir debatlarni tashkil etilishi malakamizni yanada oshirilishiga xizmat qiladi.
Ma`lumot o`rnida, ushbu oromgoh Yurtboshimizning O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining samaradorligini oshirish, yoshlarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, samarali o`tkazish, ma`naviy olamini boyitish hamda dunyoqarashini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga yo`naltirilgan Qarori asosida bunyod etilgan edi.
Ahror Sodiqov






