Majburiy ijro byurosi Farg`ona tuman bo`limi davlat inspektori Umid Karimov o`z xizmat mavqeidan foydalanib, o`zganing mulkini aldash yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida firibgarlik jinoyatiga qo`l urdi, deb yozmoqda O`zA.
Davlat inspektori lavozimida ishlagan U. Karimovning vazifalariga elektr, tabiiy gazdan foydalanayotgan iste`molchilar tomonidan to`lovlarni o`z vaqtida to`lanishini nazorat qilish, o`ziga biriktirilgan hududdagi fuqarolarning yashash xonadonlariga o`rnatilgan elektr va tabiiy gaz hisoblagich ko`rsatgichlarini ko`rikdan o`tkazib, kompyuter bazasiga kiritib borish kabilar kirardi.
U Farg`ona tumanidagi “Ilg`or” mahallasida yashovchi S.Xning yashash xonadoniga borib, uning foydalanilgan tabiiy gaz uchun to`lovlarini Majburiy ijro byurosi Marg`ilon shahar bo`limi davlat inspektorlari tomonidan undirilishini bilsa-da, nafsning kuyiga uchadi. Uning haqiqatda foydalanilgan tabiiy gazdan bo`lgan 482 ming 928 so`m qarzdorligini 2 million 850 ming so`m deb, uni aldab 150 AQSh dollari miqdoridagi pullarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritadi. Ushbu pullardan 50 AQSh dollari miqdoridagisini 400 000 so`m pul hisobida S.Xning abonent hisob raqamiga to`lab, qolgan 100 AQSh dollari miqdoridagi pulni o`zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tumani sudining “Qorasuv” mahalla fuqarolar yig`inida bo`lib o`tgan ochiq sayyor sud majlisida U. Karimovning jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Sud majlisida sudlanuvchining chin dildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, jinoyat ishi bo`yicha moddiy zarar to`liq qoplanganligi e`tiborga olindi.
Unga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 3-qismining “v” bandi bilan JKning 45-moddasini qo`llanilib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.






