AsosiyJamiyat

Pullik magistral yo`llar qurish uchun yo`l va er uchastkalari beriladi

'Pullik magistral yo`llar qurish uchun yo`l va er uchastkalari beriladi'ning rasmi

2018-2022 yillarda O`zbekiston Respublikasida yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar haqidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qildi.

Qarorga muvofiq, investorlar va tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida quyidagilar beriladi:

• pullik magistral yo`llar qurish bo`yicha yo`l va er uchastkalari;

• shaxs yuzini va transport vositasining davlat ro`yxatidan o`tkazish raqamini intellektual videokameralar orqali aniqlash tizimlarini joriy etish uchun yo`l uchastkalari – 10 yilgacha bo`lgan muddatga;

• pullik to`xtash joylari tashkil etish uchun yo`l uchastkalari – 10 yilgacha bo`lgan muddatga;

• bozorlar va savdo komplekslariga tutash hududlarda joylashgan avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarini ularning negizida avtomotransport vositalari joylashtirilganligi uchun haq to`lash qoidalari buzilganligini qayd etadigan axborot tizimlariga ega bo`lgan zamonaviy pullik avtomobil saqlash joylari tashkil etish uchun – 10 yilgacha bo`lgan muddatga;

• yo`l bo`yi infratuzilma ob`ektlari, shu jumladan, kempinglar, motellar, haydovchi va yo`lovchilar dam oladigan, transport vositalariga texnik xizmat ko`rsatiladigan va ta`mirlanadigan boshqa joylarni, avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchalarni qurish uchun er uchastkalari – 10 yilgacha muddatga.

Shuningdek, pullik avtomobil to`xtash joylari va pullik avtomobil saqlash joylaridan foydalanishdan tushadigan mablag`larning 30 foizdan ortiq bo`lmagan qismi – mahalliy byudjetga tushadi va kamida 70 foizi xususiy sherikning hisob raqamiga tushadi.

O`rnatilgan intellektual videokameralar yordamida aniqlangan yo`l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasining kamida 20 foizi – respublika byudjetiga o`tkaziladi, 20 foizi – mahalliy byudjetga tushadi, 30 foizi – Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg`armasiga, 30 foizdan ortiq bo`lmagan qismi – xususiy sherikning hisob raqamiga o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar