O`zbekiston yilqichilik va ot sporti federasiyasi matbuot xizmatidan bizga ma`lum qilishlaricha, joriy yil 9-12 dekabr kunlari poytaxtimiz Toshkentda Osiyo ot sporti federasiyasining Bosh Assambleyasi o`tkaziladi.
Mazkur Assambleyaning kun tartibidan o`rin olgan asosiy masala – tashkilot Nizomiga o`zgartirish kiritish bo`yicha o`tkaziladigan saylovdir. Bu Osiyo ot sporti federasiyasi uchun tarixiy yig`ilish bo`lishi kutilmoqda. Chunki, so`nggi 20 yil ichida tashkilotning ishchi hujjatlarga o`zgartirish kiritish bilan bog`liq urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Yangilangan Nizomda ot sportining bugungi zamon talablariga mos maqsadi, muayyan vazifalari o`z aksini topadi.
Bosh Assambleyada shuningdek, konkur bo`yicha o`smirlar o`rtasidagi IV Osiyo chempionatini O`zbekistonda o`tkazish masalasi ham ko`rib chiqiladi.






