O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo`lladi.
Qadrli vatandoshlar!
Muhtaram dehqon va fermerlar!
Avvalo, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz.
O`z ishining mohir ustasi bo`lgan siz, azizlarning fidokorona mehnatingiz samarasini har kuni o`z dasturxonida ko`radigan xalqimiz bu yilgi mavsum qanday og`ir va murakkab kechganini yaxshi biladi. Haqiqatan ham, tabiat injiqliklari – bahorning quruq kelgani, kutilmagan jala va bo`ronlar, yoz faslidagi kuchli suv tanqisligi, jazirama issiq, turli hasharot va kasalliklar ekin-tikinlarga katta xavf tug`dirgani, kuzda esa yog`in-sochinlarning barvaqt boshlangani mamlakatimiz qishloq xo`jaligi xodimlarini yana bir bor jiddiy sinovdan o`tkazdi.
Ana shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, yurtimiz bo`yicha 6 million 124 ming tonna g`alla, 2 million 300 ming tonna paxta, 8 million 661 ming tonna sabzavot, 2 million 411 ming tonna kartoshka, 1 million 607 ming tonna poliz mahsulotlari, 2 million 100 ming tonnaga yaqin meva, 1 million 314 ming tonna uzum, 18 ming tonna pilla, 1 million 789 tonna go`sht, 7 million 830 ming tonna sut tayyorlashga erishganingiz tahsinga loyiq. Muxtasar aytganda, jami bo`lib 58 trillion 181 milliard so`mlik qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirganingiz yil davomida qilgan mardona mehnatingiz mahsulidir.
Joriy mavsum oxirlab, yil natijalari sarhisob qilinayotgan mana shu qutlug` ayyomda sizlarga, barcha qishloq ahliga ana shunday olijanob mehnatingiz uchun o`z nomimdan, xalqimiz nomidan katta rahmatlar aytib, chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Aziz do`stlar!
Sizlarga yaxshi ma`lumki, yurtimizda keyingi ikki yilda barcha sohalar qatori qishloq xo`jaligi bo`yicha ham muhim dasturlar, “yo`l xarita”lari ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, dehqon va fermerlar, dala ishchilari mehnatini munosib qadrlash va rag`batlantirish maqsadida davlat ehtiyoji uchun xarid qilinadigan paxta va g`allani moliyalashtirish tartibi o`zgartirilgani, O`zbekiston tarixida birinchi marta fermerlar o`z mablag`larini mustaqil sarflash huquqiga ega bo`lganini ta`kidlash lozim.
Bu yilgi mavsumda g`alla etishtiradigan fermerlarga 1 trillion 33 milliard so`m yoki o`tgan yilga nisbatan 142 foiz, paxtachilik xo`jaliklariga esa 5 trillion 138 milliard so`m yoki o`tgan yilga nisbatan 2,4 marta ko`p imtiyozli kreditlar ajratilgani soha rivojiga yuksak e`tibor namunasidir.
Ushbu tarmoqqa bozor mexanizmlari, xo`jalik yuritishning agroklaster tizimi joriy etilayotgani, ilgari e`tiborimizdan chetda bo`lib kelgan zamonaviy issiqxonalar, baliqchilik, asalarichilik, qizilmiya, za`faron, qalampir, sarimsoqpiyoz, to`qsonbosti usulida sabzavot etishtirish, parrandachilik, yilqichilik, tomorqa xo`jaliklari kabi yo`nalishlar jadal rivojlanayotgani tub tarkibiy o`zgarishlarga sabab bo`lmoqda. Bularning barchasi qishloq xo`jaligini mahalliy va chet ellik investorlar uchun tobora jozibali, istiqbolli tarmoqqa aylantirmoqda.
Ayni vaqtda qishloqlarimiz qiyofasini tubdan yangilash, ularni obod qilish, qishloq ahli uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bo`yicha ham ko`p ish qilinmoqda. Jumladan, arzon uy-joylar dasturi doirasida bu yil qishloqlarimizda 28 mingta uy-joy barpo etilib, o`z egalariga topshirildi. Bunday uy-joylar uchun dastlabki to`lov miqdori 25 foizdan 15 foizga, kam ta`minlangan oilalar uchun esa 10 foizga tushirildi.
Bu yil “Obod qishloq” dasturi doirasida 159 ta tumandagi 416 ta qishloqda katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi. Natijada 2 millionga yaqin aholimiz uchun yangi uy-joylar, tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari, ravon yo`llar, maktab va bog`chalar, shifo maskanlari, madaniyat va sport inshootlari, bir so`z bilan aytganda, munosib hayot sharoitlari yaratilgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi va kelgusida bu ishlarni yanada katta ko`lam va keng miqyosda davom ettirishga ruhlantiradi.
Qadrli yurtdoshlar!
Hammamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi paytda oldimizda hal qilishimiz lozim bo`lgan g`oyat muhim vazifalar turibdi. Avvalo, joriy mavsumning achchiq tajribasidan kelib chiqib, yuqori samara bermayotgan paxta va g`alla maydonlarini qisqartirishni izchil davom ettirish zarur.
Paxta va g`alladan bo`shagan maydonlarda eksportbop, ichki va tashqi bozorda talab katta bo`lgan ekinlar ekish, boshqacha aytganda, har bir xo`jalik va tumanning ixtisoslashuvini qayta ko`rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilishimiz, ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklari, tomorqa maydonlari samarasini oshirishga qaratilgan ishlarimizni kuchaytirishimiz kerak.
Qishloq xo`jaligida chidamli, ertapishar, serhosil ekin navlarini yaratish, chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, eng katta boylik bo`lgan er va suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, urug`chilikni rivojlantirish e`tiborimiz markazida turishi lozim.
Kelgusi yilda sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Davlat byudjetidan qariyb 1,7 trillion so`m, xalqaro moliya institutlarining 84 million dollar miqdoridagi mablag`ini yo`naltirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, suv omborlari tarmog`ini kengaytirish hisobidan lalmi erlarni o`zlashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratiladi.
Buning uchun Toshkent viloyatida jami 45 million kub metr suv yig`iladigan “Parkentsoy”, “Qizilsoy”, “Toshtepa”, Jizzax viloyatining Forish tumanida “Karaman”, Qashqadaryo viloyatida “Guldara”, “Ayaqchisoy”, Samarqand viloyatida “Bulung`ur” suv omborlari barpo etiladi.
Kelgusi ikki yilda esa 1 million 200 ming gektar erning suv ta`minoti barqarorlashtiriladi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar erning meliorativ holati yaxshilanadi.
Biz uchun o`ta muhim vazifa – qishloq xo`jaligi uchun yuksak bilim va malakaga ega bo`lgan oliy va o`rta maxsus ma`lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishimiz lozim. Bu borada xorijdagi etakchi oliy o`quv yurtlari bilan birga qo`shma fakultetlar tashkil etish, yaqinda ish boshlagan “El-yurt umidi” jamg`armasi orqali agro soha mutaxassislarini, yosh kadrlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarda o`qitishga alohida ahamiyat berishni zamonning o`zi talab etmoqda.
Kelgusi yili qishloq xo`jaligida 1 milliard 870 million AQSh dollari hajmidagi investisiya loyihalarini amalga oshirish mo`ljallanayotgani bu sohadagi ishlarimizning hajmi ham, mas`uliyati ham naqadar yuksak ekanidan dalolat beradi.
O`z oldimizga qo`ygan ulkan vazifalarni ado etish, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, xalqimiz dasturxonini farovon qilishdek olijanob maqsad yo`lida hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, O`zbekistonning barcha qishloq xo`jalik xodimlari bor bilim va tajribalarini, kuch-g`ayrat va imkoniyatlarini safarbar etib, o`zlarini ayamasdan mehnat qiladilar, deb ishonaman.
Aziz do`stlarim, vatandoshlarim!
Sizlarni yana bir bor Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni bilan chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizga yangi-yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping!
Kirib kelayotgan yangi – 2019 yilda hosilimiz yanada mo`l bo`lsin!
Qabul qilayotgan barcha reja va dasturlarimiz ijobat bo`lsin!
Shavkat Mirziyoyev
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti






