AsosiyJamiyat

Mudofaa vaziri to`satdan tekshirishni muvaffaqiyatli o`tkazgan harbiylarni mukofotladi

'Mudofaa vaziri to`satdan tekshirishni muvaffaqiyatli o`tkazgan harbiylarni mukofotladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoevning ko`rsatmasiga muvofiq Mudofaa vazirligi qo`shinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun kompleks o`quv mashg`ulotlari bo`lib o`tgan edi.

Eslatib o`tamiz, 2018 yilga qadar O`zbekiston armiyasida bu kabi keng ko`lamli to`satdan tekshiruv o`tkazilmagan. Ushbu o`quv mashg`ulotlarida Mudofaa vazirligining barcha qo`shin turlari ishtirok etdi.

Tekshiruv davomida o`tkazilgan maxsus-taktik mashg`ulotlar harbiylarimizning yuksak professionalligi, armiyamizning yuqori jangovar shayligini namoyon etdi.

28 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent harbiy okrugidagi “Chirchiq” dala-o`quv maydonida Qurolli Kuchlarimiz asosini tashkil etayotgan Mudofaa vazirligi qo`shinlarining o`quv-jangovar mashg`ulotlarini kuzatdi. Professionalligi bilan alohida namuna ko`rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarni esdalik sovg`alari bilan mukofotladi.

To`satdan tekshiruvlarning yakunlari bo`yicha O`zbekiston mudofaa vazirining buyrug`i bilan qo`shinlar tezkorligi, jangovar shayligi hamda o`zaro hamkorligini ta`minlash, xususan kompleks mashg`ulotlarda alohida namuna ko`rsatgan 300 nafardan ziyod harbiy qism va muassasalarning harbiy xizmatchilari “NAMUNALI XIZMATI UCHUN” ko`krak nishonlari, pul mukofotlari, esdalik sovg`alari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Jumladan, “Chirchiq” dala o`quv maydonida O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov 8 dekabr – Konstitusiya kuni arafasida Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilariga mukofotlarni tantanali tarzda topshirdi.

Shuningdek, mudofaa vaziri o`rinbosarlari bayram arafasida barcha harbiy okruglarda vazirlik qo`shinlarining kompleks tekshiruvlari yakuni bo`yicha yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarga mukofotlarni berishdi.

    Boshqa yangiliklar