“O`zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bayram O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev xalqimizni ushbu qutlug` ayyom bilan muborakbod etib, siyosiy-huquqiy hayotimizdagi o`zgarishlar haqida ma`ruza qildi.

Konstitusiyamizning 2-moddasida davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas`ul ekani belgilab qo`yilgan.
Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz rahbari bo`lgan ilk kunlardanoq mazkur konstitusiyaviy prinsip davlat siyosatining asosiga aylandi. Prezidentimiz xalq bilan doimiy muloqotda bo`lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilishni oliy maqsad, mezon qilib qo`ydi. Tashkilotlar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida ishlaydigan bo`ldi.
Inson manfaatlarini ta`minlash maqsadida keyingi ikki yilda sud-huquq sohasida ham katta o`zgarishlar qilindi. Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta ko`rish amaliyotiga butunlay chek qo`yildi. Fuqarolarimiz huquq va erkinliklarini ta`minlash borasida advokatlarning vakolatlari kengaytirildi. Sud-tergov faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni ta`minlash, ovoragarchilik va ortiqcha sarf-xarajatga yo`l qo`ymaslik maqsadida tizimga axborot texnologiyalari joriy etildi.
Davlatimiz rahbari Konstitusiyaning bosh maqsadi – xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish borasida qilingan va qilinajak ishlarga ham e`tibor qaratdi. Jamoatchilik va xalqaro ekspertlar fikrlari asosida Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingani, unga muvofiq soliq stavkalari pasaytirilishi, ba`zi badal va to`lovlar bekor qilinishi, tadbirkorlikni rivojlantirish va ish o`rinlari yaratish rag`batlantirilishini ta`kidladi.

Tadbirkorlikni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, investorlar uchun keng sharoitlar yaratish, ayniqsa, inflyasiya darajasini pasaytirish bo`yicha oldindagi muhim vazifalarni ko`rsatib o`tdi.
“Agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi bo`lsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi bo`lsak, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab bo`lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o`tishimiz shart. Yagona yo`limiz shu. Bu – Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yo`l yo`q. Biz boshlagan islohotlarimizni qat`iy davom ettiramiz va ular albatta o`zining ijobiy natijasini beradi” dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz o`z ma`ruzasida fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini ro`yobga chiqarish, yoshlarni o`qitish va kasbga tayyorlash, ish va uy-joylar bilan ta`minlash, pensionerlarni qo`llab-quvvatlash kabi masalalar bo`yicha ham muhim chora-tadbirlar ko`rilayotganini ma`lum qildi.
Yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga javobgarlik va mas`uliyatni ham chuqur his etish zarurligini ta`kidladi. Yoshlarning ilmga intilishini kuchaytirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash, xorijiy mamlakatlar bilan turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bundan buyon ham islohotlar markazida bo`lishini qayd etdi.
«Chunki bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, do`stona hamkorlik esa – taraqqiyotning kafolatidir!” dedi davlatimiz rahbari.







