AsosiyDunyo

Sankt-Peterburgda soxta-konsul migrantlarga umuman yo`q davlatning pasportini sotgan

'Sankt-Peterburgda soxta-konsul migrantlarga umuman yo`q davlatning pasportini sotgan'ning rasmi

Sankt-Peterburg shahar polisiyasi mahalliy aholi vakilini ushladi. Ushlangan shaxs shahar aholisi va Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga umuman yo`q bo`lgan Apatrid – Stateless people international (ASPI) davlatining pasporti va haydovchilik guvohnomasini sotish bilan shug`ullanib kelgan.

ASPI deb nomlangan davlatni o`ylab topgan va o`zini bu davlatning konsuli, deya e`lon qilgan uzoq masofaga suzuvchi kemaning sobiq kapitani Valeriy Suxanovga nisbatan “Firibgarlik” moddasi bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi, deya xabar berdi Rossiya IIVning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatidagi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

O`ylab topilgan davlat pasportini kamida olti kishi – to`rt nafari Tojikiston fuqarosi, bir nafari o`zbekistonlik va yana bir nafari pokistonlik sotib olgan. Suxanovning xonadoni tintuv qilinganida ASPI davlatida yashamoqchi bo`lgan kamida 160 kishining suratlari va hujjatlarining nusxalari topildi.

Valeriy Suxanov pasport va haydovchilik guvohnomasi uchun 100 ming rubl talab qilgan, u o`z mijozlarini qahvaxona yoki ko`chada qabul qilgan. Soxta-konsulning ta`kidlashicha, bu hujjatlar dunyoning 200 ta mamlakati hududida amal qilar ekan.

    Boshqa yangiliklar