AsosiyJamiyat

Harbiy-texnik institutga kirishning dastlabki tanlash tartibi belgilandi

'Harbiy-texnik institutga kirishning dastlabki tanlash tartibi belgilandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga o`qishga kiruvchi nomzodlarning dastlabki tanlash tadbirlarini o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.

Nizomga muvofiq, Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutiga o`qishga kirishni xohlagan fuqarolar o`zlarining yashash joyidagi mudofaa ishlari bo`yicha bo`limlarga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa o`z xizmat o`tash joyiga tegishli ravishda bildirgi bilan murojaat qiladi.

“Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseylari va Milliy gvardiya Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik liseyi bitiruvchilari orasidan Institutga o`qishga kirish uchun nomzodlarning shaxsiy yig`ma jildlari ular joylashgan hududdagi mudofaa ishlari bo`yicha bo`limlari tomonidan rasmiylashtiriladi.

O`qishga kirish uchun arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1 fevralidan 1 apreliga qadar qabul qilinadi.

Institutga o`qishga kirishni xohlagan nomzodlar tomonidan mudofaa ishlari bo`yicha bo`limlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • ariza (bildirgi);
  • pasport nusxasi;
  • tug`ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
  • chaqiriluvchining qayd etilganligi to`g`risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi;
  • tarjimai hol (qo`lda yoki kompyuterda yozilgan);
  • nomzod to`g`risidagi ma`lumotlar anketasi;
  • o`qish, ish, xizmat o`tash joyidan tavsifnoma (agar o`qiyotgan, ishlayotgan, xizmatni o`tayotgan bo`lsa);
  • ota-onasining ish joyidan ma`lumotnoma (agar ishlayotgan bo`lsa);
  • ma`lumoti to`g`risidagi (umumiy o`rta, o`rta maxsus, kasb-hunar) hujjatlar hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi;
  • oliy harbiy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida asli ko`rsatiladi);
  • yaqin qarindoshlar orasida vafot etganlar bo`lsa, ularning o`limi haqida guvohnomaning nusxasi;
  • 3 x 4 sm o`lchamdagi 6 ta rangli fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5 x 6 sm o`lchamdagi 4 ta rangli fotosurat (bosh kiyimsiz);
  • nomzodning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organidan sudlanmaganligi to`g`risidagi ma`lumotnoma (kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchilar mazkur ma`lumotnomani taqdim qilishi talab etilmaydi).

Institutga o`qishga kirishni xohlagan harbiy xizmatchilar tomonidan o`z xizmat o`tash joyiga qo`shimcha ravishda Institutga o`qishga kirishga tavsiya etuvchi hujjatlar (muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan harbiy xizmatchilarga – harbiy bo`linmaning umumiy yig`ilishi bayonnomasidan ko`chirma, kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchilarga esa –harbiy qismning attestasiya komissiyasi yig`ilish bayonnomasidan ko`chirma) taqdim etiladi.

Dastlabki tanlash tadbirlari ikki bosqichda o`tkaziladi.

Birinchi bosqich qabul yilining 1 fevralidan 31 martiga qadar amalga oshiriladi. Bunda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o`tkaziladi:

  • hujjatlarni to`plash va o`rganish;
  • yakka tartibdagi suhbat;
  • birlamchi tibbiy ko`rik.

Ikkinchi bosqich qabul yilining 1 aprelidan 31 mayiga qadar amalga oshiriladi. Bunda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o`tkaziladi:

  • individual-psixologik o`rganish;
  • umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
  • takroriy tibbiy ko`rik.
  • Dastlabki tanlash tadbirlarida ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.

Nomzodlarning hujjatlarini to`plash va o`rganish ishlari dastlabki tanlash tadbirlarining birinchi bosqichi yakunlangunga qadar (31 martga qadar) amalga oshiriladi.

Sog`lig`ining holatiga ko`ra Institutda o`qishga yaroqsiz deb hisoblangan, shuningdek psixologik test sinovi natijalari bo`yicha dastlabki tanlashning keyingi tadbirida ishtirok etishga tavsiya etilmagan nomzodlar keyingi tadbirlariga qo`yilmaydi.

    Boshqa yangiliklar