AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi vakillari Londonda Buyuk Britaniya davlat tizimi bilan tanishmoqda

'Adliya vazirligi vakillari Londonda Buyuk Britaniya davlat tizimi bilan tanishmoqda'ning rasmi

Ayni kunlarda Adliya vaziri o`rinbosari M.Istamov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Londonda xizmat safarida bo`lib turibdi. Safardan maqsad Buyuk Britaniya davlat tizimi bilan tanishish, davlat xizmatlari sohasida tajriba almashish hamda o`zaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu delegasiya Vazirlar mahkamasi vakillaridan tortib vazirlik markaziy apparati xodimlari hamda viloyatlar adliya boshqarmalari va eng chekka tuman adliya bo`limlarida faoliyat yurituvchi xodimlardan tashkil topgan.

Safar davomida o`zbekistonlik delegasiya uchun Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligida turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, taqdimotlar hamda treninglar o`tkazilmoqda.

Xususan, Buyuk Britaniya Milliy davlat boshqaruvi instituti (NSGI) mutaxassislari delegasiya a`zolari uchun davlat boshqaruvi tizimi va an`analari, Britaniya davlat xizmatlarining o`ziga xos jihatlari to`g`risida ma`lumot berdilar.

Shuningdek, Buyuk Britaniya Adliya vazirligi vakili tomonidan taqdimot o`tkazildi. Delegasiya vakillari ikki davlat adliya tizimi o`rtasidagi o`xshash va farqli jihatlari to`g`risida savollariga javob oldilar.

Kuni kecha safar dasturidagi asosiy tadbirlardan biri bo`lib o`tdi. O`zbekiston Adliya vazirligi hamda Buyuk Britaniya hukumatini raqamlashtirish davlat xizmati o`rtasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohasida mutaxassislarni o`qitish xamda ularning malakasini oshirishda o`zaro hamkorlik to`g`risidagi memorandum imzolandi.

Safar dasturida London assambleyasi hamda ma`muriy boshqaruv sohasida nufuzli konsalting kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishuv ham o`rin olgan.

Adliya vazirligi delegasiyasining Buyuk Britaniyaga safari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar