O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo`ldoshev olib bordi.
Kengash O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n ettinchi yalpi majlisini joriy yilning 13 dekabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to`g`risida qaror qabul qildi.
Senat yalpi majlisi muhokamasiga O`zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg`armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari to`g`risidagi masala kiritilmoqda.
Shuningdek, yalpi majlis kun tartibiga O`zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar kiritilmoqda.
“O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to`g`risida”gi, “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessi boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to`g`risida”gi, “Urug`chilik to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta`minlash mexanizmlarini, ba`zi davlat organlari faoliyatini, qishloq xo`jaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi qonunlar shular jumlasidandir. Shu bilan birga, xalqaro hujjatlarni ratifikasiya qilish to`g`risidagi qonunlar ham ko`rib chiqiladi.
Bundan tashqari, senatorlar yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining vazirlikning 2018 yildagi faoliyati to`g`risidagi axborotini eshitadilar.
Yalpi majlisda Farg`ona viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti tinglanadi.
Senatorlar fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlash masalalari bo`yicha Parlament komissiyasi raisining axborotini eshitadilar va 2019 yilda ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklarini tashkil qilish dasturi to`g`risidagi masalani ham ko`rib chiqadilar.
Senat a`zolari O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga kontrakt bo`yicha harbiy xizmatga kirish va uni o`tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo`llash amaliyoti yuzasidan parlament so`rovi yuborish bilan bog`liq masalani muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati qo`mitalari va devonining o`n ettinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Senat Kengashi tomonidan ishchi guruh tuzildi.
Majlisda Senat Kengashining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.






