AsosiySport

Ektor Kuper: Maqsadimiz Osiyo kubogida g`alaba qozonish

'Ektor Kuper: Maqsadimiz Osiyo kubogida g`alaba qozonish'ning rasmi

Bugun O`zbekiston futbol assosiasiyasida O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Bosh jamoamiz ustozi Osiyo kubogiga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni, bo`lib o`tgan yig`inlar xususida o`z fikrlarini bildirib o`tdi:

"Avstraliyada o`tkazgan yig`inimizda bo`lib o`tgan uchrashuvlardagi natijalar ijobiy bo`lmaganini ta`kidlay olaman. Lekin o`rtoqlik o`yinlari va yig`inlar mavjud muammoalarni ko`rib, bilib olish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Sekin-asta mana shu kamchiliklarni bartaraf etgan holda Osiyo kubogiga yaxshi hozirlik olib borishga urinamiz. Osiyo kubogidan umidlarimiz katta. Maqsadimiz qit`aning bosh musobaqasida g`alaba qozonish.

Shuni alohida ta`kidlashim joizki, men har qanday o`rtoqlik o`yini yoki rasmiy uchrashuvga bir xil yondoshaman. Lekin o`rtoqlik o`yinlarining yaxshi jihati shundaki, o`zingizda mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, yangi taktikalarni sinab ko`rish mumkin. Balki mening o`yin uslubim kimgadir yoqmayotgan bo`lishi mumkin. Agar o`zim xato qilganimga amin bo`lsam, o`z uslubimni o`zgartirishim ham mumkin. Men buni to`g`ri qabul qilaman.

Osiyo kubogiga tarkib tanlashda urg`u faqatgina noyabrda bo`lib o`tgan yig`inda qatnashgan futbolchilarga qaratilmaydi. Shu paytga qadar tashkil etgan barcha yig`inlar davomida bir qator futbolchilarni o`z ko`z ostimizga olib qo`yganmiz. Qolaversa, hali oldinda yana bitta o`quv-mashg`ulot yig`inimiz mavjud. Muxlislarimiz Osiyo kubogiga boradigan tarkibda umuman yangi nomlarni ko`rishlari ham mumkin bo`ladi.

Qanday taktika asosida maydonga tushishimiz haqida gapirib o`tirmagan bo`lar edim. Asosiysi muxlislar uchun qayd etiladigan natija muhim. Biz ham mavjud tarkibdan kelib chiqqan holda, zarur taktik uslubda o`z o`yinimizni shakllantiramiz. Eng muhimi - o`yinimizda muvozanat bo`lsa bo`lgani. O`yinchilar men talab qilayotgan jihatlarni bajarishga qodir. Ularning mahorati mening talablarimni bajarishga etishiga ko`zim etyapti. Agar mening talablarim yigitlarga mos kelmasa, men o`z talablarimni o`zgartirishim ham mumkun. Men hech qachon o`z talablarimda qattiq turib olmayman, agar zarur bo`lsa uni yigitlarga moslashtirishim ham mumkin.

Har bir jamoada ham o`z asosiy uslubi bilan bir qatorda zaxira variantlari ham mavjud bo`lishi kerak. Lekin zaxira variantlari soni ko`payib ketishi ham yaxshi emas. Balkim noyabrdagi yig`inlardan so`ng ba`zilarda salbiy taassurotlar uyg`ongandir. Lekin men optimistik ruhdaman va Osiyo kubogiga g`alaba qozonish niyatida yo`l olamiz.

Ba`zan mag`lubiyatlardan so`ng hammada kayfiyat tushib ketadi. Lekin men murabbiylik faoliyatim davomida bunaqa vaziyatlarni ko`p ko`rganman. Ideal jamoa bo`lish qiyin. Nasib etsa, hali oldinda yaxshi o`yinlar va chiroyli g`alabalarga guvoh bo`lamiz, deya o`z fikrlarini bildirdi Kuper".

Ochiq muloqot tarzida o`tgan matbuot anjumani so`nggida terma jamoamiz muxlislari ham murabbiyga o`z savol va tilaklari bilan murojaat etishdi. Matbuot anjumani so`nggida barcha milliy terma jamoamizga yaqinlashib kelayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok tiladi.

    Boshqa yangiliklar