AsosiyJamiyat

Andijondagi xonadonlardan birida yashirin "neft sexi" borligi aniqlandi

'Andijondagi xonadonlardan birida yashirin "neft sexi" borligi aniqlandi 'ning rasmi

Andijonda neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex faoliyati oshkor etildi, deb xabar qilmoqda "“Xalq so`zi" nashri.

"Andijonneft" AJ zavodi liniya nazoratchisi bo`lgan fuqaro Zoirjon Mamatqulov 1 mln so`m evaziga "Andijon-Asaka-FNQIZ" neft quvuri liniyasi qaerdan o`tganini haqidagi maxfiy ma`lumotni 3 nafar fuqaroga sotadi.

Shundan so`ng fuqarolar Furqat Fayziev, Xalimjon Matxoliqov va Qayumjon Boqievlar Quva tumani Bahor MFY hududidan oqib o`tadigan qora oltinni o`g`irlash bo`yicha reja tuzishga kirishadilar.

Shu maqsadda Toshloq tumani Yakkavut MFY, Beruniy ko`chasi, 282-uyda yashovchi Nodirbek Meliboev va Bobirbek Ne`matovlar bilan jinoiy til biriktirib, ularning xonadonida neft mahsulotlarini ishlab chiqaradigan yashirin sexni tashkil qilish ishlarini boshlab yuboradilar.

Ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan vaqt mobaynida bu erda qo`lbola usulda metalldan tayyorlangan uskunada 1,120 litr neft xom ashyosini qaynatish orqali 490 litr mazut va 100 litr solyarka tayyorlangan.

Polietilen qoplarda tashilayotgan neft mahsulotlari fuqarolarda shubha uyg`otgan va ular huquqni saqlash organlariga xabar qilishgan. Huquqbuzarlar daliliy ashyolar bilan qo`lga olindi. Hozirda ularga nisbatan O`zR JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

"Shu o`rinda, neftni qayta ishlash o`ta xavfli ish ekanligi, u bilan uy sharoitida shug`ullanish nafaqat xonadon egasiga, balkim barcha qo`shni xonadonlarga ham katta talofat etkazishi mumkinligini haqida eslatib qo`ymoqchimiz", - deb yozadi nashr.

    Boshqa yangiliklar