2019 yilda Minsk shahrida amaliy mutaxassisliklar bo`yicha kadrlar tayyorlaydigan O`zbek-belorus qo`shma instituti ochiladi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Inomjon Majidov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasining Belorus davlatiga ishchi tashrifi davomida bu borada shartnoma imzolandi.
Amaliy mutaxassisliklar instituti Belorus milliy texnika universiteti bazasida tashkil etilib, unda asosan iqtisodiyotning real sektorlarida talab yuqori bo`lgan malakali ishchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida e`tibor beriladi.
Qo`shma institutga kelgusi o`quv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan bo`lib, unda ikki davlat fuqarolari o`qishlari mumkin. Institutda o`quv jarayonlari xalqaro standartlar asosida ikki davlat o`quv rejalariga tayangan holda olib boriladi.
Shuningdek, yangi institut bazasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan qo`shma markaz tashkil etiladi.






