Mamlakatimizda 2019 yilning 22-28 aprel kunlari velosportning shosse yo`nalishi bo`yicha Osiyo chempionati o`tkaziladi.
Mazkur Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish hamda Osiyo velosport konfederasiyasining navbatdagi ijroiya qo`mita yig`ilishini o`tkazish maqsadida poytaxtimizga Osiyo velosport konfederasiyasi prezidenti Osama Ahmed Abdulla al Shafar boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida martabali mehmonlarni O`zbekiston velosiped sporti federasiyasi bosh kotibi Kozimxo`ja O`rinboyxo`jaev kutib oldi.
Osiyo velosport konfederasiyasining navbatdagi ijroiya qo`mita yig`ilishida mamlakatimizda o`tkaziladigan mazkur Osiyo chempionatida 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlariga lisenziyalar berilishi alohida ta`kidlandi. Chempionatda qit`amizning 40 ga yaqin davlatidan qariyb 600 nafar velosportchi ishtirok etishi sabab, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo`yicha takliflar o`rganib chiqildi.
Ijroiya qo`mita ishtirokchilariga Osiyo chempionati o`tkaziladigan Toshkent viloyatidagi avtomagistral yo`llar holati, mehmonxonalardagi sharoitlar haqidagi ma`lumotlar taqdim etildi.
Osiyo chempionatini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun xorijiy jurnalistlarning yurtimizga tashrif buyurishi hamda mazkur chempionat dunyoning mashhur Evrosport (Eurosport) kanalida to`g`ridan-to`g`ri ko`rsatilishi haqida ma`lumotlar aytildi.
Yig`ilishda Osiyo velosport konfederasiyasi bilan “UzReport TV” telekanali o`rtasida velosportning shosse yo`nalishi bo`yicha Osiyo chempionatini yoritish huquqini beruvchi ikki tomonlama kelishuv imzolandi.
Osiyo velosport konfederasiyasining mutasaddi rahbarlari ijroiya qo`mitasi yig`ilishidan so`ng poytaxtimizdagi “Milliy” stadionga tashrif buyurdilar. Ularga ushbu o`yingoh faoliyati va muzeyi haqida ma`lumot taqdim etildi.
Osiyo velosport konfederasiyasi prezidenti Osama Ahmed Abdulla al Shafar muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga o`z tilaklarini yozib qoldirdi.






