O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar berildi.
Qaror bilan Sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosini Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi etib qayta tashkil etish shuningdek, Markazning Toshkent shahar filialini tashkil qilish belgilandi.
Sud-tibbiy ekspertiza faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini jadallik bilan joriy etish sud-tibbiy xizmatini isloh qilishning asosiy yo`nalishi etib belgilandi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sud-tibbiy ekspertizalari Markazning hududiy filiallari hisoblanadi va o`z faoliyatida Markazga bo`ysunadi.
Qaror bilan Markaz va uning hududiy bo`linmalariga pullik xizmatlar ko`rsatish huquqi beriladi.
Pullik xizmatlardan tushgan mablag`larning 50 foizigacha bo`lgan qismi Tibbiyot muassasalarini moddiy rag`batlantirish va rivojlantirish jamg`armasiga yo`naltiriladi.
Marhumlar jasadini tashish Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmati va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining hududiy filiallaridan Markaz va uning hududiy filiallariga o`tkaziladi.
Toshkent shahrida Olmazor, Sergeli, Yunusobod va Yashnobod tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza punktlari ochish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Sud-tibbiy xizmat faoliyati sohasida elektron ma`lumotlar bazasini yaratiladi.
Shuningdek, qaror bilan Sog`liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy xizmatining moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida tanatologiya bo`limlari (morglar) va laboratoriya bo`linmalarida sud-tibbiy va kriminalistik tadqiqotlarni ISO 9001 va 17025 xalqaro mezonlariga muvofiq o`tkazish uchun ularni sovutkichli kameralar, seksiyali to`plamlar, zamonaviy jihozlar, uskunalar, butlovchi qismlar va reaktiv moddalar bilan ta`minlash nazarda tutilgan.






