Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan taqiqlangan yoki sifati kafolatlanmagan tovarlarni noqonuniy yo`llar bilan olib kirishga bo`lgan bir nechta holatlar aniqlandi, deb xabar qildi bojxona qo`mitasi matbuot xizmati.
Jumladan “Yallama” chegara bojxona postiga “Neksiya” rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan Z.A. ismli fuqaroning qo`l yuklari bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirilishi taqiqlangan hamda belgilangan me`yorlardan ortiqcha bo`lgan narxi 5,3 mln. so`mlik 1 dona uchuvchisiz uchish apparati, 1 dona elektroshoker, 14 shisha konyak va viskilarni noqonuniy ravishda respublikaga olib kirayotgani aniqlandi.
“G`ishtko`prik” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan X.T.ning qo`l yuklari bojxona nazoratidan o`tkazilganida esa og`zaki so`rovda taqdim qilinmagan hamda tegishli me`yordan ortiqcha bo`lgan qiymati 6,8 million so`mlik 19 turdagi, 342 dona ko`zoynaklarni yashirib olib kirish holati aniqlandi.
"Mazkur post xodimlarida shubha uyg`otgan yana bir fuqaro A.Sh. xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan hamda og`zaki so`rovda taqdim qilinmagan, bel va oyoq qismlariga skotchlab yashirilgan holda qiymati 2,4 million so`mlik 48 dona uyali aloqa vositalarini respublikaga olib kirayotganida to`xtatib qolindi", - deyilgan xabarda.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvi olib borilmoqda.






