Spirtli ichimlikka ruju qo`yish hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Oilalarning parokandalikka yuz tutishiga, noxush hodisalarning sodir bo`lishiga ko`pincha ana shu spirtli ichimlikning me`yoridan oshib ketishi sabab bo`ladi. Spirtli ichimlik odam ichiga tushgach, sarxushlik boshlanadi. Aql esa o`z-o`zidan chekinadi. Shunday bo`lgach, mast odam og`ziga kelganini o`ylamasdan gapiradi, xayoliga kelganini qiladi.
Ibodulla To`raxonov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) avval traktorchi edi. Ichkilik sabab kasbidan ayrildi. Bir necha yil bekor yurdi. Keyingi paytlarda esa bir engil mashina olib, uch-to`rt nafar elim idish yig`ib, o`tkazadigan ayollarga haydovchilik qila boshladi. Kunlik topadigani mo`maygina, lekin bu pullar ham oilasigacha etib bormaydi. Kundaligi kunda ichkilikka sarflanaveradi. Quda-andali, nevarali odamning kunda-kunora ichib kelib, janjal-to`polon qilishi oila a`zolarini bezdirib yubordi.
I.To`raxonovning uch nafar o`g`li bor. Kattasi va kenjasi alohida yashaydi. Uyda o`rtancha o`g`li Bekzod va er-xotin yashashadi.
Bora-bora Ibodullaning miyasi ichkilik ta`siridan aynidi. Mast bo`lib kelgan paytlar xotini Zarifaga qarab, «Men boshqa ayol topdim, o`shanga uylanaman», deyishni odat qildi. Bunday gaplarni eshitgach, ayol birida jahli chiqsa, boshqa safar e`tibor bermaslikka urinadi. Ha, odam bolasining irodasi po`latdan emas. Uning ham kuni kelib, sabr kosasi to`ldi.
O`sha kuni Ibodulla yana mast holda mashina boshqarib keldi. Yonida doimgi hamrohlaridan Nafisa ham keldi.
— Mana, Ibodulla akaning puli, — deb Nafisa Zarifaga 92 ming so`m pulni tutqazdi. — Mast bo`lgani uchun o`zim berib ketay dedim, — dedi kelganiga izoh berib.
— Ovqating bormi? Qornim och, — dedi shirakayf Ibodulla xotiniga qarab.
— Hozir tayyorlayman, — deb oshxonaga o`tib ketdi ayol.
— Sen vino olib kel, — dedi Bekzodga.
— O`zi mast bo`lsangiz, vino ichib nima qilasiz?
— Olib kel degandan keyin, olib kelmaysanmi, — deb baqirdi. — Bolangga ayt, vino olib kelsin, — dedi xotiniga eshittirib.
Bekzod onasidan pul olib, velosipedida do`konga ketdi.
Ibodulla ovqat kelmasidan vinoni icha boshladi. Ovqat vaqtida aql-hushi tark etgan Ibodulla kurakda turmas so`zlarni aljiray boshladi. U uyga ichib kelgan kunlari deraza oynalarini sindirar yoki ko`chaga chiqib ketardi. Shuning uchun ko`pincha uning oyoq-qo`llarini bog`lab qo`yishardi. Kayfi tarqagach esa qo`l-oyog`ini bo`shatishardi.
Bekzod dadasining qo`lini orqaga qayirib, uyga olib kirdi. Onasi keltirgan ip bilan qo`l-oyog`ini bog`lab tashladi. Dadasining kunda-kunora qiladigan janjallari oila ahlini bezdirib yuborgandi. Necha yillardan beri ahvol shu. Ba`zida qo`ni-qo`shni, qarindosh-urug` oldida izza bo`lib qoladi. Shularni o`ylarkan, o`ldirib qo`ya qolsammi, degan mudhish o`y o`tdi Bekzodning xayolidan. Avvaliga qo`rqib ketdi, keyin qat`iylashdi. Ayvonga chiqib, onasiga dadasini o`ldirishini aytdi.
— Qo`y gunohga botma, — dedi onasi.
— Dadamni o`ldirgan odam savobga qoladi, — dedi yigit.
Hovliga chiqib, daraxtda ilinib turgan presslangan somon ipidan olib, dadasi yotgan uyga kirib ketdi. Xona qop-qorong`i edi. Dadasi hali uxlamagan ekan.
— Qaysi biring kelding? — dedi.
— Menman.
— Qo`l-oyog`imni bo`shatib qo`y.
Bekzod eshikni yopib, biroz o`ylanib turdi. Shuncha paytdan beri o`zgarmagan odam, endi ham o`zgarishiga ko`zi etmagan o`g`il dunyoga kelishiga sababchi bo`lgan insondan qutulishga kirishdi. Paypaslab dadasining boshini topib, ipni o`tkazdi.
— Nima qilmoqchisan? — dedi ota.
— Sizni o`ldirmoqchiman, — dedi ovozi titrab o`g`il.
Bekzod bir necha daqiqa ipni qattiq tortib turdi…
Ayvonga o`tib, qilib qo`ygan ishini aytdi. Onasi ikkovi jasadni qanday yo`q qilishni o`yladi. Otaning jonsiz tanasini gilamga o`rab, mashinaning yukxonasiga joylab qo`yishdi. Ertasi kuni qoq tush payti onasi bilan daryo tomonga ketdi. Atrofni kuzatib, hech kim yo`qligiga amin bo`lgach, jasadni temirga bog`lab, daryoga cho`ktirib yuborishdi.
Keyingi kun Bekzod uch marta daryoga borib keldi. U ikki kun o`rta yo`lda sarson bo`ldi. Uchinchi kun borsa, dadasining jasadi suv yuziga qalqib chiqqanini ko`rib, vahimaga tushdi. Temir topib, yana dadasini cho`ktirdi. Lekin bu ishi ham foyda bermadi. Temirga bog`lab qo`yilgan ipni uzib, jasadni oqizib yubormoqchi bo`ldi. Daryoga borgach esa yuragi dov bermadi.
Ertasi kuni borsa, dadasi kiyimsiz holda suv yuziga chiqib qolibdi. Bu holda uni hech kim tanimaydi, degan o`y bilan bola uyiga qaytdi.
Otasini o`ldirib, halovat topamiz, degan farzand, o`g`lining qo`lini qonga botirishiga qat`iy turib qarshilik qilmagan ayol bu voqeadan so`ng ming o`lib-tirildi. Eb-ichgani ichiga tushmay, tunlari uyqu bilmadi.
Onasi Ibodullani so`ragan qarindoshu tanish-bilishlarga uydan chiqib ketgan, deb aytaverdi. Oradan o`n kunlar o`tib, qarindoshlarining qistovi bilan IIBga turmush o`rtog`ining yo`qolganligi haqida xabar berdi. IIB xodimlari bir kun avval daryodan noma`lum kishining jasadi topilganini aytib, Ibodullaning kiyimlarini ko`rsatdi. Ayol erining kiyimlarini tanidi, lekin siri fosh bo`lishidan qo`rqib, inkor etdi. Ular qilmishlarini qanchalik yashirmasin, baribir oshkor bo`ldi.
Sud hukmi bilan Bekzod 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Onasiga ham qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.
Jamshid Abduhakimov,
Samarqand viloyat prokurorining katta yordamchisi
"Huquq" gazetasidan olindi






