Maktabgacha ta`lim tizimi tarixida ilk marotaba ota-onalar va jamoat tuzilmalari MTM boshqaruvi bo`yicha vakolatga ega bo`ldilar. 2018 yil 3 dekabrda, MTMning Kuzatuv kengashi haqidagi Nizom tasdiqlandi.
Kuzatuv kengashi faoliyati ota-onalarni o`quv-tarbiya jarayonlariga jalb etib, maktabgacha ta`lim muassasasi boshqaruvi mexanizmi shaffofligini ta`minlaydi.
«Kuzatuv kengashlari MTM boshqaruvi tizimini tubdan o`zgartiradi. Agar ilgari mudiralar maktabgacha ta`lim hududiy bo`limlari oldida hisob bergan bo`lsalar, endilikda ular o`z harakatlari uchun ota-onalar oldida javobgar bo`ladilar. Yangi Nizomga ko`ra mudiralar yakka tartibda qaror qabul qila olmaydilar va nopok rahbarlar mablag`larni o`zboshimchalik bilan sarflash imkoniyatidan mahrum bo`ladilar. Moliyaviy qonunbuzarlik holati aniqlangan taqdirda Kuzatuv kengashi mudirani lavozimdan ozod etish masalasini ko`tarishi mumkin. Hurmatli ota-onalar, endi aynan siz MTM qanday ishlashi lozimligini belgilaysiz», - deydi MTV boshqarma boshlig`i o`rinbosari Sanjar Obidov.
Kuzatuv kegashi a`zolari taklif etilgan nomzodlar orasidan mudirani saylaydi va uni lavozimidan ozod etish bo`yicha takliflar kiritadi. Moliyaviy hisobot qabul qiladi (moliyaviy holat haqida hisobot, kirim va chiqim, byudjet va byudjetdan tashqari mablag`lar hamda homiylar mablag`lari bo`yicha), MTM xodimlari faoliyati bo`yicha so`rovlar o`tkazadi, ustivor masalalarni belgilaydi, ularning ijrosini nazorat qiladi va h.k.
MTM Kuzatuv kengashi quyidagicha shakllantiriladi: har bir guruhdan 3tadan ota-onalar vakili(ular ota-onalar yig`ilishida ovoz berish yo`li bilan saylanadi), 2 pedagog /tarbiyachi yordamchisi, 1ta MTM ma`muriyati vakili, 1ta MT hududiy bo`linmasi vakili, jamoat birlashmalari (masalan mahalla qo`mitasi)dan 2 vakil va homiylardan vakil.
Kuzatuv kengashi yig`ilishi bir chorakda kamida bir marta o`tkaziladi. Nodavlat MTMlarida kuzatuv kengashi tashkil etilishi tavsiyaviy xarakterga ega.
Ma`lumot:
MTM larda Kuzatuv kengashi haqidagi Nizom, O`zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 30 sentyabrdagi 3955-sonli, Maktabgacha ta`lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida, gi qarori asosida ishlab chiqildi.






