AsosiyJamiyat

O`zbekiston Qurolli Kuchlarida «Eng ilg`or mutaxassis» ko`rik-tanlovining respublika bosqichi boshlandi

'O`zbekiston Qurolli Kuchlarida «Eng ilg`or mutaxassis» ko`rik-tanlovining respublika bosqichi boshlandi'ning rasmi

Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism va dala-o`quv maydonida Mudofaa vazirligi qo`shin turlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo`shinlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlarining harbiy xizmatchilari o`rtasida an`anaviy o`tkazilayotgan eng katta ko`rik-tanlov – «Eng ilg`or mutaxassis»ning yakuniy bosqichi boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlovning tantanali ochilish marosimida Mudofaa vazirligi, Sharqiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi vakillari so`zga chiqib, «Eng ilg`or mutaxassis» ko`rik-tanlovi harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar tayyorgarlik va professionallikni oshirish, qo`shinlarda o`zaro musobaqa ruhini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarda etakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarda sog`lom raqobatbardosh va ma`naviy-axloqiy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini qayd etdilar.

Tanlovning dastlabki bosqichlari qo`shinlar tarkibi, harbiy okruglarda kuchli raqobat muhitida o`tkazildi. Quyi bosqich g`oliblari – eng ilg`or serjant, guruh, vzvod va batalon komandirlari harbiy uchkurash, taktika, o`t ochish, jismoniy va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarliklar kabi yo`nalishlar bo`yicha bellashmoqda.

“Tanlovda qatnashish va g`olib bo`lish uchun ko`p izlandim, o`qidim, o`rgandim, Tajribali ofiserlardan saboq oldim. Maqsadim – serjantlar ichida sarasi, ilg`ori bo`lish. Buning uchun imkoniyatim, kuch va salohiyatim etishiga ishonaman”, – deydi kichik serjant Shohrux Sultonov.

Qurolli Kuchlar miqyosida har yili an`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan «Eng ilg`or mutaxassis» ko`rik-tanlovi 2004 yilning fevralida tashkil etilgan.

Tanlovning maqsadi harbiy xizmat nufuzini oshirish, qo`shinlarda zamonaviy harbiy an`analarni shakllantirish, harbiy xizmatchilar qalbida tanlagan kasbiga, ona Vataniga hurmat va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, yuksak jangovar shaylikni ta`minlash, komandirlar mahoratini oshirishga qaratilgan.

«Eng ilg`or mutaxassis» tanlovida harbiy qism va muassasalarda bir yildan ziyod xizmat qilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etishi mumkin. Ular tanlovning «Eng ilg`or serjant», «Eng ilg`or guruh komandiri», «Eng ilg`or vzvod komandiri», «Eng ilg`or batalon (divizion) komandiri» va «Eng ilg`or qo`shilma (brigada) komandiri» nominasiyalari bo`yicha o`zaro bellashadi.

Tanlov bahslari 7 dekabr kuniga qadar davom etadi.

    Boshqa yangiliklar