O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi xodimlari xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda noyob hujjat – molekulyar darajada allergik ta`sirchanlik pasporti, oddiyroq qilib aytadigan bo`lsak, allergiya pasportini joriy etish bo`yicha dasturni amalga oshirmoqdalar.
Pasport ikki xil shaklda chiqariladi. Pasportning shoshilinch tibbiy xizmat ko`rsatish uchun mo`ljallangan shakli allergen manbalari va yuqori xavf tug`diradigan alohida molekulalar haqidagi ma`lumotlar, shuningdek, QR-kod (tez ta`sir ko`rsatadigan kod)ini o`z ichiga oladigan ikki tomonlama plastik karta tarzida taqdim etilgan.
QR-kod katta hajmdagi ma`lumotlarni o`z ichiga oladi va molekulyar tekshiruv bo`yicha to`liq axborot yozilgan qog`oz shaklli pasportdagi barcha ma`lumotlarni o`qish imkonini beradi. Masalan, bemorga shoshilinch yordam kerak bo`lib qolganida, shifokorlar zarur ma`lumotlarni QR-kod orqali bilib olishlari mumkin bo`ladi.

Mazkur pasport O`zbekiston fuqarolarining xorijga safarlari chog`ida ishlatilishi mumkinligini nazarga olgan holda, pasport ingliz va rus tillaridagi ma`lumotlarni ham o`z ichiga oladi.
Vazirlikning axborot xizmati xabar berishicha, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari 2019 yilning yanvar oyidan boshlab shaxsiy allergiya pasportlarini olishlari mumkin.






