Hukumat qarori bilan davlat soliq xizmati organlari tomonidan mavzuga oid va ekspress-o`rganishlarni amalga oshirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali ma`lum qildi.
Nizom kameral nazorat bo`yicha soliq to`lovchi taqdim etgan axborotning ishonchliligini hamda soliq to`lovchilarga soliq va bojxona imtiyozlarini qo`llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun joyiga borgan holda mavzuga oid va ekspress-o`rganishlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Quyidagilar mavzuga oid va ekspress-o`rganishlarni amalga oshirish mezonlari hisoblandi:
Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan sub`ektlarning sof foyda va dividendlar to`g`risidagi, shuningdek, unitar korxonalarning sof foydasidan Davlat byudjetiga 30 foiz ajratmani aniqlash to`g`risidagi hisobotida hamda soliq organlaridagi ma`lumotlar o`rtasida tafovutlar mavjudligi;
Kameral nazorat natijasida bank hisob raqamlarida pul mablag`larining tahlilida tovar-moddiy boyliklar, ishlar va xizmatlarning hajmi, nomenklaturasi va summasi o`rtasidagi tafovut;
Valyutaga oid aniqlangan qonunbuzarliklar, import va eksport qilinadigan tovarlar narxining oshirilishi va pasaytirilishi.
Nizomga muvofiq, soliq to`lovchi noqonuniy hamda mavzuga oid va ekspress-o`rganishga aloqasi bo`lmagan hujjatlar va talablarni bajarmaslik, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan shikoyat berish huquqiga ega.
Shuningdek, soliq organlarining mansabdor shaxslari soliq to`lovchiga soliq organining mavzuga oid va ekspress-o`rganish tayinlanganligi to`g`risidagi buyrug`idan ko`chirma nusxasini topshirishi va soliq siriga rioya etishi shart.
Mavzuga oid va ekspress-o`rganishlarni amalga oshirish muddati 5 ish kunidan oshmasligi kerak. Mavzuga oid va ekspress-o`rganish natijasi bo`yicha qonunbuzilishlar aniqlangan taqdirda ma`lumot tuziladi va unga quyidagilar ilova qilinadi:
O`rganish uchun asos bo`lgan mezonlar ko`rsatilgan hujjatlarning nusxalari;
O`rganish davomida olingan hujjatlar nusxalari.
Soliq to`lovchilar o`rganish yakunlangunga qadar soliqqa oid huquqbuzarlikni bartaraf etishga haqli.






