AsosiyJamiyat

Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish elektron yuritiladi

'Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish elektron yuritiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Tekshiruvlarni elektron ro`yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi haqidagi buyrug`i Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berdi.

Nizomga ko`ra nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini tekshirish tekshiruvlarni elektron ro`yxatga olish yagona tizimida majburiy ro`yxatdan o`tkazilishi lozim. Mas`ul xodim Yagona tizimda prokuratura.uz sayti orqali ro`yxatdan o`tadi hamda unga login va parol beriladi.

Tekshiruv o`tkazishni kelishish uchun nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga ma`lumotlar kiritiladi. Kelishish uchun buyurtma uch ish kuni ichida, favqulodda holatlar bo`yicha bir ish kunida ko`rib chiqiladi.

Tekshiruv o`tkazishni kelishish haqida qaror qabul qilinganda “Ruxsat berilsin”maqomi, rad etilganda uning aniq sababi ko`rsatilgan holda “Rad etilsin” maqomi tanlanadi.

Qonun buzilishi holatlari to`g`risidagi hamda tadbirkorga qo`llanilgan ta`sir choralari to`g`risidagi ma`lumotlar tekshiruv yakunlangandan so`ng uch ish kuni ichida Yagona tizimga kiritilishi shart, bank siriga oid ma`lumotlar tizimga kiritilmaydi.

Xabardor etish tartibida tekshiruv o`tkazilganda uning to`g`riligi tekshirilmasdan, avtomatik ravishda maxsus raqam (kod) generasiya qilinadi.

Nazorat qiluvchi organning tekshiruv o`tkazish to`g`risidagi buyrug`i Yagona tizimga kiritilgandan so`ng tekshiruv o`tkaziladi.

Tadbirkor o`z so`roviga ko`ra o`tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Yagona tizimdan qisqa xabar (SMS) ko`rinishida va Internet tarmog`i orqali olishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar