AsosiyJamiyat

Tibbiy sug`urta sohasida Koreya respublikasi bilan hamkorlik qilinadi

'Tibbiy sug`urta sohasida Koreya respublikasi bilan hamkorlik qilinadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Koreya Respublikasi Milliy tibbiy sug`urta xizmati prezidenti Kim Eng Ik boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashdi. Do`stona ruhda o`tgan muloqotda sog`liqni saqlash, jumladan, tibbiy sug`urta sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga asosiy e`tibor qaratildi.

Alisher Shadmanov O`zbekistonda 2025 yilgacha sohani rivojlantirish bo`yicha konsepsiya loyihasida ko`plab yo`nalishlar, jumladan, tibbiy sug`urta sohasiga ham alohida urg`u berilayotganini ta`kidladi. 2021 yildan boshlab yurtimizda majburiy tibbiy sug`urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, bunda ko`plab rivojlangan davlatlar qatori, Koreya Respublikasining tibbiy sug`urta tizimini chuqur o`rgangan holda, bu boradagi ijobiy tajribalarni yurtimizda ham tatbiq etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

O`z navbatida Kim Eng Ik o`zaro aloqalarning jadal rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirib, tibbiy sug`urta sohasiga keng to`xtalib o`tdi. Qayd etilganidek, Koreya Respublikasi milliy tibbiy sug`urta tizimi va tibbiyotning rivojlanishi bo`yicha dunyo miqyosida 4-o`rinda turadi. 40 yillik tajribaga ega mamlakat tibbiy sug`urta tizimi halqaro tamoyillar asosida izchil takomillashib bormoqda. Shu sababdan u xalqaro talablarga to`liq javob beradi va aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qiladi.

Muloqot asnosida Koreya Respublikasining tibbiy sug`urta tizimini bevosita o`rganish va yutuqlarini mamlakatimizda tatbiq etish sog`liqni saqlash tizimining takomillashuviga va aholi salomatligini samarali muhofaza qilish tizimini yaratishga xizmat qilishi e`tirof etildi.

Uchrashuv so`nggida O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligi hamda Korea Respublikasi Milliy tibbiy sug`urta xizmati o`rtasida yurtimizda tibbiy sug`urta tizimini joriy qilishda o`zaro hamkorlik bo`yicha shartnoma imzolandi.

Delegasiyaning yurtimizga tashrifi davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar