AsosiyJamiyat

Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari rahbarlari “Chirchiq” poligonida yig`in o`tadi

'Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari rahbarlari “Chirchiq” poligonida yig`in o`tadi'ning rasmi

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” dala-o`quv maydonida 25 noyabrdan 28 noyabrga qadar davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirokida yig`in o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o`tamiz, davlat organlari, fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari, korxona, muassasa, tashkilotlar katta-kichik rahbarlarining mudofaa sohasidagi ishtirokiga O`zbekiston Prezidenti 2017 yili Samarqandda o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida tanqidiy baho bergandi.

Muammoga echim sifatida 2017 yil 12 dekabrda Prezidentning harbiy-ma`muriy sektorlar xususida farmoni imzolandi. Bo`lib o`tgan yig`in shu ma`noda ham muhim va dolzarb hisoblanadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga ko`ra, joriy yildan boshlab Mudofaa vazirligining harbiy qismlarida davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlarining yillik yig`ilishi o`tkazilishi belgilandi.

Farmoyishda ta`kidlanishicha, qisqa muddat ichida davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy boshqaruv organlari va boshqa davlat tashkilotlari tomonidan mamlakat mudofaa qobiliyatini takomillashtirishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirilgan. Qurolli Kuchlar faoliyatining ochiqligini ta`minlash, mamlakat mudofaa sohasida davlat siyosatini shakllantirishda fuqarolik va nodavlat notijorat institutlar, boshqa tashkilotlarni keng jalb qilishning samarali mexanizmlari ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

O`tkazilgan yig`inda vazirlar, ularning o`rinbosarlari, hokimlar va boshqa darajadagi rahbarlarga O`zbekiston Prezidentining 2018 yilning 4 avgustida imzolangan “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma`naviy-ma`rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi qaroridan, Mudofaa doktrinasidan, mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqadigan vazifalar bo`yicha ma`ruzalar o`qildi.

Shuningdek, malakali harbiy mutaxassislar mamlakat mudofaa salohiyatini oshirishda zarur bo`lgan ko`plab yo`nalishlar bo`yicha chiqishlar qildi. Amaliy harbiy mashg`ulotlar, milliy armiyamiz qurol-aslahasi, harbiy texnika namoyishida ishtirok etdi. Xullas, rahbar xodimlar poligonda, harbiy hayot ichida to`rt kun yashab, nazariy va amaliy mashg`ulotlarni kuzatdi, turli qurol namunalaridan amalda o`q otishdi.

Bugun, 28 noyabr kuni ertalab O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov yig`in yopilishiga bag`ishlangan tadbirda ishtirokchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirdi.

    Boshqa yangiliklar